Buxoroda 14 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilgan cho‘pon 3 yilga qamaldi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning avgust oyida Qorako‘l tumanidagi «Bandboshi» MFY fuqarosi A.S. (1989 y.t.) tumandagi boshqa mahalla yig‘inida yashovchi Sh. R. bilan tanishib qolgan. Har ikkisi cho‘ponchilik bilan shug‘ullangan. Sh. R. yangi tanishi bo‘lgan A.S. bilan do‘stlashib, uni tez-tez xonadoniga olib keladigan bo‘lgan.

A.S. fuqaro Sh. R. ning turmush o‘rtog‘i, uch nafar qizi va bir o‘g‘li bilan tanishgan. 2020 yilning 20 oktyabrida ular birgalikda Qorako‘l cho‘l hududidagi «Chibirdon ota» ziyoratgohiga borishgan. Sh. R. ning katta qizi — tumandagi maktabning 8-sinf o‘quvchisi, 14 yoshli A.X. (2006 y.t.)ning qo‘l telefoni raqamini olgan A.S. hali voyaga yetmagan qizga ishqiy izhorlarini SMS orqali yo‘llab turgan. Voyaga yetmagan qizga turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganini va unga uylanishini bildirgan. Qiz o‘zidan 17 yosh katta erkakning yozishmalaridan qo‘rqib, undan bunday SMSlar yozmaslikni, ota-onasi bilib qolsa, qattiq jazolashi mumkinligini aytgan. A.S. kunora yangi tanishini ko‘rish bahonasida ularning xonadoniga kelib ketavergan.

14 noyabr kuni soat taxminan 10:00 larda A.X. maktabdan qaytgan va bu paytda hovlida hech kim bo‘lmagan. Erkak esa qizning qarshiligiga qaramay, uning qo‘lidan tortib, avtomashinasining orqa o‘rindig‘iga majburlab o‘tirg‘izgan va mashina eshiklarini qulflab, mashinani haydab ketgan. Qorako‘l tumanida joylashgan Eshonqul-Niyoz fermer xo‘jaligi dala shiyponiga olib borib, zo‘rlik va kuch ishlatish yo‘li bilan qizni avtomashinadan tushirgan. Shiypon qorovulxonasiga voyaga yetmagan qizni majburlab olib kirgan cho‘pon uning qarshiligiga qaramay, jinsiy zo‘ravonlik qilgan va nomusini toptagan.

Shundan so‘ng A.S. 14 yoshli qizga bu holatni hech kimga aytmasligini, 11-sinfni tugatganidan so‘ng unga uylanishini, bu ishdan ota-onasi xabar topsa, har ikkisini ham o‘ldirishi mumkinligini aytib qo‘rqitgan. Voyaga yetmagan qizni tez-tez uchrashuvga taklif qilgan va qiz rad etganda, holatdan ota-onasi hamda boshqalar ham xabar topishini aytib, po‘pisa qilgan. Gap-so‘z tarqalishidan qo‘rqqan A.X. u bilan uchrashuvlarga chiqib turgan. Cho‘pon qizga turli va’dalar berib, keyinchalik ixtiyoriy rozi bo‘lgan qiz bilan «Qandim» zavodi tomondagi cho‘l hududidagi cho‘lda, avtomashinasi ichida ishqiy munosabatda bo‘lib kelishgan.

Qiz 2021 yil 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan holatlarni onasi M.R. ga aytib bergan. 22 yanvar kuni fuqaro M.R. tuman IIBga holat yuzasidan ariza bilan murojaat qilib, A.S.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Ariza yuzasidan olib borilgan tezkor tergov-surishtiruv ishlari davomida A.S. barcha aybni voyaga yetmagan qizga ag‘darib, turli ishqiy maktublar yozgani, uni tinch qo‘ymaganini, shundan so‘ng u bilan uchrasha boshlaganini bildirgan. Qo‘shimcha qilinishicha, voyaga yetmagan 14 yoshli qizni nomussizlikda, ya’ni birinchi jinsiy aloqada hayo pardasi o‘zida emaslikda ayblagan va qiz tomonidan yozilgan ishqiy maktublarni ko‘rsatgan.

Voqea tafsilotlari to‘liq o‘rganilganda, cho‘pon bir necha bor uchrashuvlari paytida qizning voyaga yetmagani va g‘o‘rligidan foydalanib, o‘z nomiga turli ishqiy mazmundagi xatlarni qizning qo‘li bilan yozdirib olgani oshkor bo‘lgan.

Sud davlat ayblovchisining xulosasini, jabrlanuvchi — voyaga yetmagan A.X. va A.S.ning xufyona ishqiy uchrashuvlari borasidagi ish hujjatlarini o‘rganib chiqqan. Sud jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar orqali A.S.ning jinoiy xatti-harakatlarini fosh etgan. Uning «Men qiz bilan takroran jinsiy aloqada bo‘lmaganman, uni majburlamaganman» degan vajlarini asossiz, deb hisoblagan. Natijada A.S. o‘z aybini tan olishga majbur bo‘lgan.

Sud tomonidan sudlanuvchining qilmishlari oilaviy munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini va boshqa ijtimoiy muammolar keltirib chiqarishini nazarda tutib, uni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin emas, degan qat’iy fikrga kelindi. 30 may kunidagi sud hukmiga ko‘ra, A.S. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 2-qismining «a» bandi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilsa) sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ushbu bandga ko‘ra, A.S. jazoni uch yil muddatga manzilli koloniyalarda o‘taydi.