O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlar va talabalar bilan Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xorijdagi o‘zbek yoshlarini vatanga qaytarish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qimoqda, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda. Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega yoshlarimizni Vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz», — dedi u.

Bu borada yangicha tizim yaratilishini qayd etildi. «Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizimni joriy etamiz», — dedi prezident.

Yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosat qat’iy davom ettirilishi ta’kidlandi.

«Buning uchun, viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydilar. Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz „El-yurt umidi“ jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

«Har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o‘z hududi va tizimiga bunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va boshqa rag‘bat turlarini ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qiladi», — dedi prezident.