Hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi kutilayotganligi haqida xabar berilgan edi. Jarima miqdori BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha oshiriladi. Shuningdek, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazo chorasi kiritilmoqda va ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yildan 3 yilgacha uzaytiriladi.

Mazkur holat yuzasidan «Milliy tiklanish» fraksiyasi rahbari, deputat Alisher Qodirov telegram-kanalida izoh qoldirdi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qiluvchilarga tajovuz kayfiyati ortib bormoqda. «2018 yildagi 24,1 ming holat 2020 yilda 39 mingtaga ortgan», — deydi u.

Alisher Qodirovning ta’kidlashicha, ushbu huquqbuzarlik takror sodir etilgani uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash qo‘llaniladigan bo‘lsa, Fransiyada bunday qonunbuzarlik uchun 10 yilgacha, AQShda 5−7 yilgacha ozodikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘zda tutilgan.

«Intizom taraqqiyotning muhim sharti. Tartib bo‘lmasa taraqqiyot hech qachon bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qiladi Qodirov.

«Albatta, inson xuquqlari mamlakatimizda ustuvor! Hech kim fuqarolarning huquqlariga tajovuz qilgan davlat xizmatchilarini ximoya qilmoqchi emas, ularga ham jazo muqarrar. Huquqingiz buzildimi, qarshilik ko‘rsatmang, kuch ishlatmang, sudga yoki yuqori idoraga shikoyatingizni kiriting, tamom. Huquqbuzar bo‘lmang, fuqaro sifatida huquqingizni himoya qilishni o‘rganing», — deya ta’kidlaydi deputat.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, quyi palata deputati Doniyor G‘aniyev Twitter`da mazkur jinoiy javobgarlik kuchaytirilishini tashabbuskorlar nima bilan izohlashayotgani haqidagi so‘rovga ikkita asos bilan javob berdi.

U ham hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish soni oshganligini qayd etgan. Shuningdek, deputat IIV va boshqa xodimlarning sog‘lig‘iga zarar bo‘layotganligini ta’kidlagan.