UzReport TV Beeline`ni sudda yutdi, deya xabar bermoqda kanal matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 28 iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Vitaliy Li raisligida “Uzreport” MCHJning “Unitel” MCHJga (Beeline savdo belgisiga egalik qiladi) nisbatan da’vosini to‘liq qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Sudning qaroriga ko‘ra, javobgar “Unitel” MCHJga Beeline TV mobil ilovasidan UzReport TV hamda Futbol TV telekanallarini olib tashlash, kelgusida ushbu telekanallarni MCHJ UzReport TV axborot agentligi bilan shartnoma tuzmasdan namoyish etmaslik majburiyati yuklandi.

“Telekanalimizning Beeline`ga qarshi da’vosini to‘liq qondirish to‘g‘risidagi sud qarorini, albatta, biz xolis va adolatli deb hisoblaymiz. Mualliflik huquqini himoya qilish davlat siyosatining ajralmas qismi sifatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib, buni mamlakatimiz prezidentining ushbu masalaga qaratayotgan e’tiborlari ham tasdiqlaydi”, — deydi UzReport TV bosh muharririning 1-o‘rinbosari Alisher Azimov.

Ta’kidlanishicha, Uzreport sudda aniqlangan holatlarga asoslanib, hozirda “Unitel” MCHJga, shuningdek, “O‘zbekiston Kabel Televideniyasi” MCHJga nisbatan ushbu kompaniyalarning noqonuniy xatti-harakatlari natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish to‘g‘risida da’vo arizasi tayyorlamoqda.

Avvalroq, UzReport TV o‘z mobil ilovasida telekanallarning qayta translyatsiyasi tufayli Unitel (Beeline) kompaniyasini mualliflik huquqini buzganlikda ayblab, unga qarshi sudga murojaat qilgan edi. Beeline Uzbekistan ushbu ayblov bilan rozi emasligini va o‘z pozitsiyasini qonunlar doirasida himoya qilishga tayyorligini bildirgan.

Beeline munosabati

Ma’lum qilinishicha, “Beeline Uzbekistan” O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi doirasida ishlaydi va Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining birinchi instansiya qarori bilan qo‘llab-quvvatlangan “UzReport TV” MCHJ AA-ning pozitsiyasi bilan rozi emas.

“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi қонун ning 22-moddasiga binoan, “Operatorlar va provayderlar quyidagilarga majburdir: telekommunikatsiya sohasidagi faoliyatni litsenziyadagi shartlarga va belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshirish”.

Qayd etilishicha, litsenziyalangan shartnomaga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Unitel” MCHJga televizion tarqatish tarmoqlari (retranslyatsiya) xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishda “O‘zbekiston kabel televideniyasi” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma asosida belgilangan telekanallar to‘plami bilan “Yagona signal” olish majburiyatini yukladi.

Beeline ta’kidlashiga ko‘ra, “O‘zbekiston kabel Televideniyasi MCHJ” — bu O‘zbekiston hududida “Yagona signal"ning tarqatuvchisi — televizion kanallarning (dasturlarning) belgilangan to‘plami, ommaviy axborot vositalarining televideniya mahsulotlaridan tashkil topgan, Idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiyasi tomonidan O‘zbekistonning axborot faoliyati va ma’lumotlarni uzatishni takomillashtirilish va samaradorligini oshirish uchun tasdiqlangan.

“Ushbu belgilangan telekanallar to‘plami O‘zbekiston hududida ikki yuzdan ortiq operatorlar va provayderlar tomonidan standart Litsenziya shartnomalariga muvofiq „O‘zbekiston kabel televideniyasi“ MCHJ-dan qabul qilib, uni qayta uzatadilar (retranslyatsiya)”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, “Beeline Uzbekistan” “UzReport TV” MCHJ AA-ning da’vo arizasi nomuvofiq javobgarga e’lon qilingan deb hisoblaydi. “Unitel” MCHJ keyingi harakatlar uchun “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonunining bajarilishini nazorat qiluvchi davlat idoralari bilan barcha kerakli konsultatsiyalarni o‘tkazadi.