O‘zbekiston mudofaa vaziri rahbarligida barcha kuch tuzilmalar ishtirokida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda bo‘linmalarning hamkorlikdagi harakati, jangovar shayligi sinovdan o‘tkazildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

«Dunyo va mintaqada yuz berayotgan qurolli to‘qnashuvlar, harbiy siyosiy vaziyat har qaysi davlatning Qurolli kuchlarini yanada takomollashtirishni, shaxsiy tarkibning jangovar shayligini yanada oshirishni talab etmoqda», — deyiladi xabarda.

Qo‘qqisdan o‘tkazilayotgan tekshiruvda aviatsiya, artilleriya va batalon taktik guhlarining jangovar shayligi tekshirildi. Mashq shartiga asosan bo‘linmalar shaxsiy tarkibiga chegarani kesib o‘tgan shartli dushmanni yo‘q qilish vazifasi yuklatilgan. Unga ko‘ra Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining bo‘linmalariga «Yig‘in» signali berildi.

Jumladan, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugda joylashgan harbiy aerodromida erta tong soat 04:00 jangovar topshiriq berildi. Aviatsiya mutaxassislari tomonidan uchish apparatlari jangovar shay holatga keltirildi. Janubi-g‘arbiy maxsus va Toshkent harbiy okruglari, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli bo‘linmalar bilan keng masshtabda o‘tkazilayotgan ushbu taktik o‘quv mashg‘ulotlari real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan holda olib borildi.

«Termiz» dala o‘quv maydoniga yetib kelgan harbiy xizmatchilar tomonidan zudlik bilan qo‘riqlovni tashkil etish, yuqori qo‘mondonlik bilan aloqani ta’minlash, uchuvchisiz uchish apparatlari ko‘magida chegaraoldi xududlarida havoda va yerda razvedka qidiruv ishlari olib borildi, shartli dushman joylashgan hudud, kuch vositalari, shaxsiy tarkibining soni, qurol-aslahalari xususida to‘liq ma’lumotlar to‘planib, hujum rejasi ishlab chiqildi.

Bo‘linma komandirlari tomonidan nostandart vaziyatlarda qabul qilingan keskin qarorga asosan dastlab batalon taktik guruhlarini havodan qo‘llash maqsadida Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarining aviatsiya bo‘linmalari harakatga keltirildi.

Jarayonlarni mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov bevosita kuzatib bordi. Havo kengliklarida SU-25 samolyotlarini boshqarayotgan harbiy uchuvchilar shartli dushman joylashgan hududga ketma ket aviatsiya zarbalarini berdi, deyiladi xabarda.

Shu paytning o‘zida MI-35 vertolyotlari shartli dushmanning jangovar texnikalarni yo‘q qilishga kirishdi.

Toshkent harbiy okrugi «Angren» umumqo‘shin tog‘ dala o‘quv maydoni ham Qurolli kuchlar kuch tuzilmalari bilan taktik o‘quvi o‘tkazildi.