14 iyun kuni prezident matbuot xizmati tomonidan «Mening hikoyam» loyihasi namoyish etildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu loyihada «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yigit-qizlar ushbu tashabbusning ular hayotida nimalarni o‘zgartirgani, qanday ko‘mak bergani haqida so‘zlaydilar. Loyihaning birinchi mehmoni Aziza Samig‘ova bo‘ldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Karantin paytida maska tikdik. Birinchi ishimizni maska tikishdan boshlaganmiz», — deydi Aziza.

Uning ta’kidlashicha, «Yoshlar daftari» tashkil qilinganidan keyin bank tomonidan tikuv mashinalari sotib olishga kredit ajratilgan.

«Bir narsalar deb talab ham qo‘yishdi. Zalog, u-bu deb, keyin biz «Yoshlar daftari»ga kiritilganimizni, u yerda bunday narsalar yo‘qligini aytdik. Biz o‘z huquqimizni bilganimiz uchun bizga qiyinchilik tug‘dirmadi», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Azizaning aytishicha, ular 66 mlnlik tikuv mashinalari xarid qilgan. «Mikrofon ko‘targan ayol» telegram-kanalining yozishicha, Aziza tadbirkorlik boshlayman deb 3 ta zamonaviy tikuv mashinasini sotib olish uchun 36 mln so‘m kredit olgan.

«Hozir qurilayotgan namunali uylardan berishlarini xohlayman. Chunki bu yerda hozir ham ishlab, ham yashayapmiz. Keyin bu yerda ishxona uchun sharoit qilamiz», — degan edi Aziza.

28 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Aziza Samig‘ovaga maktub yo‘lladi. «Mikrofon ko‘targan ayol» kanalining ma’lum qilishicha, prezident matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan videorolik davlat rahbari e’tiboriga tushgan. Prezidentning Azizaga yo‘llagan maktubida quyidagi jumlalar keltirilgan: «…Taqdirning har bir sinovida albatta hikmat bor. Hayot qiyinchiliklari insonni yanada kuchli qiladi. Shubhasiz bu sinovli kunlar ham o‘tmishga aylanadi. Shuni bilingki, siz hech qachon yolg‘iz emassiz. Sizning timsolingizda barcha shijoatli o‘g‘il-qizlarimizning maqsadlari amalga oshishi uchun doimo yordam qo‘lini cho‘zamiz».

«Beg‘ubor yoshlik davringizda hayotning turli sinovlarini bardosh bilan yengib o‘tayotganingiz meni ham davlat rahbari, ham ota sifatida nihoyatda to‘lqinlantirdi», — deyiladi prezident maktubida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Mikrofon ko‘targan ayol» telegram-kanalining ma’lum qilishicha, davlat rahbari maktubida Aziza va uning onasiga 3 xonali uy berilishini ma’lum qilgan. «O‘zbekiston 24» telekanaliga ko‘ra, Yangihayot tumani, Yangi choshtepa mahallasi, O‘zar ko‘cha, 53-uy, 14-xonadon Aziza va uning onasiga berilgan. 28 iyun kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida mazkur xonadon ularga topshirilgan.

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali

««Yoshlar daftari»dan keyin hayotim tubdan o‘zgardi. Tadbirkorligimizni oyijonim ikkalamiz boshlab oldik. Kelajakdagi rejalarim shaxsiy xonadonga ega bo‘lish edi. Yarim yil ichida shu niyatimga erishdim. Prezidentimiz xonadon sovg‘a qilganlari uchun chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Men vatanimga kerakligimni his qildim. Men yolg‘izmasligimni his qildim. Endi keyingi rejalarim 1+1 dasturi asosida o‘zimga o‘xshagan yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirib, ish bilan ta’minlab, ularni tikishga o‘rgataman. Hammaga rahmat. Prezidentimizni yaxshi ko‘raman», — dedi Aziza xonadon topshirilish marosimida.

Foto: «O‘zbekiston 24» telekanali

«Hamma ayolga shunaqa oshxonalar nasib qilsin. Mehmon kutishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Har bir ona uchun bunaqa chiroyli oshxonalar orzu, deb bilaman. Shunday imkoniyatlarni yaratib, bizni yetolmagan orzularimizga yetishtirgan prezidentimizga rahmat. Ona sifatida mening boshimdan o‘tkazayotgan tuyg‘ularimni tasavvur qilsangiz, men buni so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. Hozir men o‘zimni juda ham baxtli ayollardan, deb hisoblayman. Endi buyog‘iga yangi uylarda sovchi kutamiz», — deydi «O‘zbekiston 24» telekanaliga Azizaning onasi Adolat Rahimova.