Jahongir Otajonovning haqoratomuz video chiqishlariga huquqiy baho beriladi, deya xabar бермоқдаToshkent shahar IIBB axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, so‘ngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarida Jahongir Otajonov turli nomaqbul chiqishlari fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

17 iyun kuni Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektori tomonidan M.Ulug‘bek tumani, Oltintepa ko‘chasida harakatlanib kelayotgan davlat raqami 01/835 MHA bo‘lgan Gentra rusumli transport vositasi to‘xtatib tekshirilgan. Haydovchi (1979 y.t.), Olmazor tumani, Tansiqboyev ko‘chasida yashovchi fuqaro Atajanov Alisher Saparbayevichning (Jahongir Otajonovning ukasi) boshqaruv huquqini beruvchi xujjatlari bo‘lmagani sababli avtoulov jarima maydoniga joylashtirilgan. Ayni vaqtga qadar tegishli xujjatlar taqdim etilmayotgani sababli vaqtincha saqlanmoqda.

Qayd etilishicha, hozirda Jahongir Otajonov o‘zining davlat organlari xizmatchilariga nisbatan haqoratomuz videochiqishlari orqali yaqinlarining huquqbuzarliklarini yashirish, o‘zining maishiy muammolariga omma e’tiborini tortishga urinishlari namoyon bo‘lmoqda.

«Mazkur fuqaroning harakatlarida tuhmat va haqorat qilish alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli, holatga tegishli tartibda huquqiy baho beriladi va jamoatchilikka qo‘shimcha ravishda axborot taqdim etiladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, sobiq xonanda Jahongir Otajonov prezidentlik saylovlarida qatnashish istagi borligini ma’lum qilgan edi. «Kerak bo‘lsa, partiya tuzaman», — degan edi u. Biroz vaqtdan so‘ng u saylovda qatnashish istagidan qaytganini ma’lum qilgan.