28 iyun kuni Vashington shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan uchrashdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.

Samanta Pauer USAID rahbarligini shu yilning may oyida qabul qilib oldi. Barak Obama ma’muriyati davrida u AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili (2013−2017), shuningdek prezidentning maxsus yordamchisi va Milliy xavfsizlik kengashida ko‘p tomonlama aloqalar va inson huquqlari bo‘yicha katta direktor (2009−2013) bo‘lgan. Time jurnali uni 100 ta eng nufuzli insonlar ro‘yxatiga kiritgan va Forbes uni sayyoradagi 100 ta eng nufuzli ayollardan biri deb atagan.

Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamda Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarni yechish borasida O‘zbekiston va USAID o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

S.Pauer O‘zbekistondagi islohotlar dasturini amalga oshirishda o‘sishga erishilayotganligini olqishladi hamda Hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar taraqqiyot bo‘yicha maqsadlariga erishishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Abdulaziz Kamilov USAID rahbarini iyul oyining o‘rtalarida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” konferensiyasiga taklif qildi.

“Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ma’lumot uchun, 2020 yil oktabr oyida AQSh Hukumati mamlakatimizdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda to‘laqonli missiya ochilishini e’lon qilgan edi. 2021 yil 10 iyunda Mikaela Meredit O‘zbekistondagi USAID missiyasining birinchi direktori vazifalarini bajarishga kirishdi.