Adliya vazirining 24 iyundagi buyrug‘i bilan Idoraviy normativ huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, vazirlik va idoralar, agar ularga qonunlar, O‘zbekiston prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli hujjatni qabul qilish yoki aniq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish bo‘yicha vakolat berilgan bo‘lsa, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishlari mumkin.

Tuzatishlarga ko‘ra, qonunlar, Oliy Majlisi palatalari qarorlari, prezident farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini bajarish yuzasidan idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilish muddati, agar boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, bir oydan oshmasligi lozim.

Buyruqlar vazirlik va idora nomidan qaror qabul qilish yakka tartibda amalga oshiriladigan vazirlik yoki idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.

Qarorlar davlat qo‘mitalari va idoralar nomidan qaror qabul qilish kollegial organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat qo‘mitalari yoki idoralar tomonidan qabul qilinadi.

Ikki yoki undan ortiq vazirlik va idoralarning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari qarorlar tarzida qabul qilinadi.

Idoraviy normativ-hukuqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari yuzasidan korrupsiyaviy omillarni aniqlash bo‘yicha cheklist to‘ldiriladi va Adliya vazirligiga idoraviy normativ-huquqiy hujjat bilan birga taqdim qilinadi.

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq kelishilishi majburiy bo‘lgan hollarda, shuningdek idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasida boshqa vazirlik va idoralar manfaatlariga yoki vakolatlariga daxl qiluvchi normalar mavjud bo‘lsa, idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi yagona elektron tizim orqali manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilishi lozim. Bunda idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi vazirlik va idoralar tomonidan u taqdim etilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida e’tirozlarsiz kelishilishi yoki asoslantirilgan e’tirozlar bilan qaytarilishi kerak.