Rossiya poytaxti Moskva shahrida migrantlarni COVID-19 ga qarshi emlash jarayonlari boshlandi, deya xabar бермоқда poytaxt meriyasi.

Ma’lumotga ko‘ra, migrantlarni emlash Rossiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmatining buyrug‘ida ko‘rsatilgan sohalarga tegishli ish beruvchilarning talabnomasiga binoan amalga oshiriladi.

Hozirda migrantlar «Sputnik Layt» vaksinasi bilan emlanmoqda.

Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqotlar markazi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur vaksinaning bir dozasi narxi 1300 rublni tashkil qiladi.

Vaksina uchun to‘lov ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Tashrif buyuruvchilar avval shifokor tomonidan tekshiriladi va qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar aniqlanmasa, emlanadi.

Xabarga ko‘ra, emlash punktlarida barcha epidemiologik xavfsizlik qoidalariga rioya qilinadi: maxsus belgilar qo‘yilib, vaksinalarni saqlash uchun muzlatgichlar o‘rnatilgan. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar oqimini ajratish ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Vaksinatsiya jarayonlari soat 09:00 dan 21:00 gacha olib boriladi.

Avvalroq, Rossiya poytaxtidagi kafe va restoranlarga faqat maxsus QR-kod taqdim etilgandan keyingina tashrif buyurish mumkinligi haqida xabar bergan edik.Kod koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar, kafega kelishdan avval, yarim yil ichida COVID-19 bilan kasallanganlar yoki uch kundan kechiktirmay PSR testining manfiy natijasini olganlarga beriladi.