28 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktayni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat amaliy hamkorligini yanada kengaytirish hamda yetakchi korxona va kompaniyalarning yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston prezidenti Turkiya bilan do‘stlik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarida oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqot tufayli erishilgan bugungi darajani yuksak baholadi.

Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Turkiya kompaniya va investorlarining O‘zbekistondagi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan katta ko‘mak uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanish sur’ati va pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish borasida ko‘rilayotgan choralar alohida ta’kidlangan.

Xususan, yil boshidan turli darajalardagi almashinuv va muloqotlar faollashgani, o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma investitsiya loyihalari soni ortib borayotganligi qayd etilgan.

Davlat rahbari matbuot xizmatining qayd etishicha, tomonlar Toshkent shahrida o‘tadigan Strategik hamkorlik kengashi ikkinchi yig‘ilishining kun tartibini har tomonlama tayyorlash muhim ekanini ta’kidlashgan. Bular, eng avvalo, tovar ayirboshlash hajmi va kooperatsiya ko‘lamini oshirish, Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish, qo‘shma sanoat zonasini tashkil etish, Turkiyaning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini faol jalb qilgan holda raqamlashtirish, ta’lim va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi dasturlarni ilgari surish masalalaridir.

Mintaqaviy sheriklik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.

«Onado‘li» axborot agentligining ma’lum qilishicha, Fuat Oktay tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan tijorat, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon va turizm sohalariga aloqador 40 dan ziyod tadbirlarni o‘z ichiga olgan bayonnomani imzolash marosimida ishtirok etadi.

Fuat Oktay Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Turkiya ishbilarmonlik forumida so‘zga chiqib, global pandemiya inqiroziga qaramasdan, O‘zbekiston bilan savdo hajmi 2021 yilning dastlabki besh oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 93 foizga ortgani va 1,5 mlrd dollarga yetganini ta’kidladi.

«Maqsadimiz bu sur’atni yil oxiriga qadar davom ettirib, 2023 yilga mo‘ljallangan maqsadlarda ertaroq erishish va 5 mlrd dollarlik mo‘ljalni ortda qoldirishdan iboratdir», — dedi Fuat Oktay.