Jahon bankining ijrochi direktorlar kengashi “Elektroenergetika tarmog‘ini transformatsiya qilish va elektr energiyasini barqaror uzatish” loyihasini ma’qulladi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi 380 mln dollar, va Yashil iqlim fondi (YIF) 43 mln dollar kredit ajratadi. Ushbu moliyalashtirish O‘zbekiston hukumatiga juda past foiz stavkalarida taqdim etiladi va to‘lovning eng uzoq muddati 40 yilgacha bo‘ladi. Shuningdek, YIF loyiha doirasidagi alohida tadbirlar uchun 4 mln dollar miqdorida grant ajratadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2018 yildagi 61 mlrd kVt⋅s dan 2030 yilga kelib 100 mlrd kVt⋅s dan ortiqgacha o‘sishi kutilmoqda. Hozirda mamlakatda 250 ming km dan ortiq elektr uzatish liniyalari va tarqatish tarmoqlari mavjud. Ularning aksariyati Sovet Ittifoqi davrida qurilgan va ularning ekspluatatsiya muddati ancha vaqt oldin tugagan.

“Eskirgan infratuzilma elektr energiyasining katta hajmda yo‘qotilishiga olib keladi, bu esa ishlab chiqarilgan elektr energiyasi umumiy hajmining taxminan 20 foizini tashkil etadi. Shuningdek, bu butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasining kup uzlizlariga ham sabab bulmoqda, bu esa aholining iqtisodiy faoliyati va farovonligiga zarar yetkazadi”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Loyiha “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” uchun ustuvor investitsiyalarni moliyalashtirish orqali eskirgan energiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishga yordam beradi. Loyiha faoliyati, jumladan, O‘zbekistonning 11 ta hudularida 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarni rekonstruksiya qilish, modernizatsiya qilish va kengaytirishni, shuningdek 500 kilovattlik yangi podstansiyani va elektr uzatish liniyalarini qurishni o‘z ichiga oladi.

Elektr energiyasini uzatish tizimini monitoring qilish, boshqarish va eksplutatsiya qilish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida loyiha doirasida zamonaviy raqamli va telekommunikatsiya texnologiyalari va yechimlari joriy etiladi. Ularga dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish uchun yangi dasturiy-apparat majmuasi (SCADA), shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ markaziy va hududiy dispetcherlik markazlari uchun elektr energiyasini boshqarish tizimini (EMS) yaratish kiradi. Loyihalash doirasidagi chora-tadbirlar Sovet Ittifoqidan beri ishlatib kelinayotgan eskirgan tizimlarni yangilashga imkon beradi.

Loyiha doirasidagi chora-tadbirlar hukumatning elektroenergetika sohasini dekarbonizatsiyalash bo‘yicha rejalarini amalga oshirishga yordam beradi. Jumladan, loyiha 1500 megavattgacha qayta tiklanadigan manbalarni energiya tizimiga integratsiya qilishga yordam beradi. “Ushbu chora-tadbirlar atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarining yanada kamayishiga olib keladi, shuningdek qayta tiklanuvchi energetika sohasiga qo‘shimcha xususiy bnvestitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Shuningdek, loyiha O‘zbekistonni Afg‘oniston, Qozog‘iston va Tojikiston elektroenergetika tizimlari bilan bog‘laydigan infratuzilmalarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish orqali Markaziy Osiyoda mintaqaviy energiya savdosini rivojlantirishga yordam beradi.