Toshkent viloyatiga qatnovchi avtobuslar faoliyati o‘z ish tartibida davom etadi, deya xabar bermoqda “Toshshartransxizmat” AJ matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylari tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan Toshkent viloyati hududiga qatnovlarni amalga oshiruvchi 24 ta avtobus yo‘nalishlari o‘z ish tartibi va qatnov chizmasi asosida amalga oshirishda davom etadi.

Ushbu yo‘nalishlar xizmatlaridan foydalanuvchi aksariyat yo‘lovchilar Toshkent shahridagi idora va tashkilotlarda mehnat qiladi hamda ta’lim muassasalarida tahsil oladi, deya tushuntirish berdi “Toshshahartransxizmat”.

Qayd etilishicha, ayrim YPX post maskanlari avtomobillar harakati uchun yopilgan hollarda, Toshkent viloyati hududiga chiquvchi avtobuslar harakati YPX post maskanigacha tashkil qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 28 iyundan 12 iyulga qadar Toshkentga qo‘shni viloyatlardan avtotrnasportda kirish bo‘ychia cheklovlar o‘rnatildi. Keyinroq Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu cheklovlar qaysi holatda tatbiq etilmasligi haqida ma’lumot berdi.