O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 26 iyun kuni 16-yalpi majlisda «Bank siri to‘g‘risida» va «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni ma’qulladi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovning qayd etishicha, qonunning maqsadi jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi tomonidan O‘zbekiston milliy tizimini baholashning ikkinchi bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida FATF tavsiyalarini qonunchilikka implementatsiya qilishdan iborat.

Shu munosabat bilan «Bank siri to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasi quyidagi bandlar bilan to‘ldirilmoqda:

prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek, chet davlatlarining vakolatli organlari o‘rtasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida hamda xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartibda almashish.

Qutbiddin Burxonov bu borada qonunchilikda huquqiy bo‘shliqlar mavjudligi sababli jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi ekspert baholovchilari tomonidan milliy qonunchilik FATFning 40 ta tavsiyasidan 6 tasiga qisman muvofiqligi haqida birlamchi baho berilganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan BMTning konvensiyalari talablari to‘liq ijro etilmayotganligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 9-modda (Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni prokuratura, dastalbki tergov, surishtiruv organlariga va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga taqdim etish) quyidagi tartibda o‘zgartirilmoqda:

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar prokurorning sanksiyasi bilan quyidagilarga taqdim etiladi:

  • (ikkinchi xatboshi) prokuratura, dastlabki tergov va surishtiruv organlariga ularning ish yurituvidagi jinoyat ishlari bo‘yicha ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni aniqlash, yetkazilgan zararni undirishni yoki mol-mulkni xatlashni ta’minlash maqsadida tergovchining yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga ko‘ra;
  • (uchinchi xatboshi) tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ularning ish yurituvidagi tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida.

Bundan tashqari, prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar o‘z ish yurituvidagi jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha banklardagi hisobvaraqlar mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Markaziy bankining ma’lumotlar bazasidan avtomatlashtirilgan rejimda olishi mumkin.

«Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartish kiritish orqali 6 ta tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi organlar tomonidan prokuror sanksiyasi bilan bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlardan foydalanish tartibi belgilanmoqda.

Qonun kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi lozim.