27 iyun soat taxminan 13:00larda Angren shahar IIB Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash guruhi xodimi safdor, Bekzod Bobomirzayev (1987 y. t.) Angren shahar IIBning 4-qavatida o‘ziga biriktirilgan «PM» tabel qurolidan o‘zining jag‘ qismiga qarata bir marotaba o‘q uzdi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Oqibatda safdor Bobomirzayev olgan jarohatidan voqea joyida vafot etgan.
Ma’lumotga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilish sabablari IIV va prokuratura organlarining maxsus tashkil etilgan guruhi tomonidan o‘rganilmoqda.
Holat Ichki ishlar vazirining shaxsan nazoratiga olingan, deyiladi xabarda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda aytilishicha, Bobomirzayevga nisbatan Akmal ismli inspeksiya xodimi tomonidan bosim bo‘lgan va undan pul so‘ragan. Vafotidan avval akasiga qo‘ng‘iroq qilib, «onasini roziligini olmoqchi bo‘lgani» aytilmoqda.
Bosh prokuratura matbuot xizmati Angrenda IIB xodimi Bekzod Bobomirzayev o‘z joniga qasd qilganligi holati yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.