23 iyun kuni 53 nafar Afg‘oniston fuqarosi va harbiylari O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tishga harakat qilganidan so‘ng bunday harakatlar yana bir necha marta sodir etildi. Oxirgisi shanba kuni kuzatildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Lekin biz o‘zimizning milliy qonunchiligimiz va xalqaro normalardan kelib chiqqan holda ular bilan tegishli surishtiruv va tergov ishlarini amalga oshirdik. Ushbu Afg‘oniston fuqarolarini ham o‘z respublikasiga qaytarib yubordik», — dedi u. Davlat rahbarining matbuot kotibi chegarani buzib o‘tgan shaxslar soni qancha bo‘lganligi bo‘yicha ma’lumot bermadi.

Prezident matbuot kotibi bu borada O‘zbekiston chegarasi daxlsizligi hech qanday shubha ostiga qo‘yilmasligi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Sherzod Asadov Afg‘oniston bo‘yicha O‘zbekiston TIV o‘z pozitsiyasini bildirganini esga olib, ushbu pozitsiya doirasida Afg‘onistonda rivojlanayotgan vaziyat O‘zbekiston hukumati va davlatini xavotirga solayotganini ma’lum qildi.

«Oxirgi paytlarda Afg‘oniston shimolida kuzatilayotgan ziddiyatlar, hammamizga ma’lum, birinchi navbatda, Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi bilan bog‘liq bo‘lyapti. U yerda bo‘layotgan bu disbalansdan biz xavotirdamiz. Chunki Afg‘oniston biz uchun begona davlat emas», — dedi u.

Prezident matbuot kotibi ixtilofdagi barcha tomonlar murosaga kelishi kerakligini ta’kidladi. «Bu ziddiyatning yanada kuchayib ketishining oldini olish kerak. Bundan tashqari, gap Afg‘onistonning aholisi haqida ham ketyapti. Birinchi navbatda, aholi ichidagi yo‘qotishlarga barham berish kerak», — dedi u.

Sherzod Asadov O‘zbekiston tomonining harakatlari keyinchalik ham birinchi navbatda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning o‘rin olishiga qaratilgan bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

«15−16 iyul kunlari o‘tadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha konferensiyada ham biz Afg‘onistonning keyinchalik rivojlanishi qanday bo‘ladi, savdo-iqtisodiy transport logistika salohiyatini qanday rivojlantirsak bo‘ladi. Afg‘onistonga barqaror hayot qaytib kelishiga yordam beradi degan mavzularda Afg‘oniston va Pokiston rahbariyati, hamkor davlatlardan keladigan bir qator Tashqi ishlar vazirliklari bilan mana shu masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan», — dedi Sherzod Asadov.

Oldinroq, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «tolibon» nima xohlayotgani haqida intervyu bergan edi.