Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahon sportida qator ahamiyatli voqealar sodir bo‘ldi. “Gazeta.uz” ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi.

Professional futbol ligasi tomonidan O‘zbekiston Superligasi musobaqasining 13-tur va II davra o‘yinlari sanalari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Superliga klublari 4 iyul kuni yakuniga yetadigan 12-tur uchrashuvi va 9 iyul kuni 8-turdan o‘rin olgan “Nasaf” — “Mash'al” qodirilgan bahsidan so‘ng tanaffusga chiqadi. Kubokni ham qo‘shib hisoblasa, o‘tgan vaqt davomida klublar o‘tgan yilgidan farqli o‘laroq tanaffusga qadar 15 ta uchrashuv o‘tkazishga ulgurdi. Tanaffus 30 iyul sanasiga qadar davom etadi va shu sanadan e’tiboran klublar 13-turda start oladi. II davra uchrashuvlari bunga ulanib ketadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston chempionatida yozgi transfer oynasi 5 iyul kuni ochiladi va 31 iyul sanasiga qadar davom etadi.

23 iyun kuni Yevropa chempionatining guruh bosqich uchrashuvlari yakuniga yetdi va nimchorak final juftliklari nomi aniq bo‘ldi. Nimchorak final o‘yinlari 26, 27, 28 hamda 29 iyun kunlari o‘tkaziladi. Mazkur bosqichdagi qarama-qarshiliklar orasida Belgiya — Portugaliya, Angliya — Germaniya bahslari o‘rin olgan.

O‘zbekistonlik sambochi Dilshod Choriyev 4 yilga barcha milliy va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etildi. Bunga Choriyevdan doping-sinamasida aniqlangan “meldoniy” taqiqlangan moddasi sabab bo‘lgan.

25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Prezident qaroriga ko‘ra, oltin medal uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medal uchun 50 ming AQSh dollari beriladi.

Shuningdek, prezident farmoni bilan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida sport anjomlari va delegatsiya formasini, jihozlarini sotib olish bo‘yicha shartnomalar, shuningdek sport bazalarini ijaraga berish shartnomalarini elektron savdolar va tanlovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, e’lonlarni davlat xaridlari portalida joylashtirmaslikka ham ruxsat beriladi.

Doxada (Qatar) bo‘lib o‘tayotgan sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogining litsenziyalash bosqichida 46 yoshli o‘zbekistonlik sportchi Oksana Chusovitina oltin medalni qo‘lga kiritdi.