25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXii yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasiga Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun sport anjomlari, jihozlar, uskunalar, delegatsiya rasmiy liboslari, sport kiyimlari (ekipirovkasi), sport tibbiyoti jihozlari, tibbiy-biologik preparatlar xarid qilish bo‘yicha xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalarni, shuningdek, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bo‘lib o‘tadigan sport bazalari, yotoqxona, sport zallari va sport jihozlari ijaralari to‘g‘risida hamda ovqatlanishni tashkil qilish yuzasidan shartnomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat berildi

Shuningdek, istisno tariqasida, davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida tegishli e’lon joylashtirmasdan va elektron savdolarsiz, tendersiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat berildi.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi қонунга binoan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlari quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:

  • Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritilgan yagona yetkazib beruvchi bilan davlat xaridini amalga oshirish uchun ruxsat etilgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
  • O‘zbekiston prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan tovarning (ishning, xizmatning) davlat xaridi;
  • favqulodda holatlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi;
  • sud muhokamasida ishtirok etish uchun advokatni (vakilni) tayinlash bilan bog‘liq bo‘lgan davlat xaridi;
  • ilm-fan, adabiyot va san’at asarlari, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kabi intellektual faoliyat natijalarining mazkur intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan yagona shaxsdan davlat xaridi;
  • narxi (tarifi) davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi.

Foto: MOQ axborot xizmati

2020 yil fevral oyida Milliy olimpiya qo‘mitasida Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi uchun sport anjomlari va kiyim-kechak formasining taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi. MOQning xabar berishicha, forma eskizlarini yaratish bo‘yicha xalqaro tanlovda 100 dan ortiq nomzodlar qatnashgan. Tanlangan namunalar prezident va hukumatga taqdim etilgandi.

Avvalroq, prezident qaroriga ko‘ra, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medal uchun 50 ming AQSh dollari berilishi haqida xabar berilgan edi.