25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda «O‘zbekiston 24» telekanali.

Uchrashuvda davlat rahbari Toshkentning Bektemir, Sergeli va Yangihayot tumanlarida sutkasiga 1 mln kubomert quvvatga ega yangi oqava suv tozalash inshootini qurishni taklif qildi.

Bir necha oydan buyon ushbu hudud aholisi yoqimsiz hiddan shikoyat qilishmoqda.

10 may kuni «Gazeta.uz» «Toshkent shaxar suv ta’minoti»ga tayanib, Sergeli tumanining O‘zgarish mahallasidan tarqalayotgan yoqimsiz hidning asosiy sababi Salar to‘yintirish inshooti va Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqova suvlar va chiqindilarning oqizilishi ekanligi haqida yozgan edi. Keyinroq esa Senat Hukumat qarori loyihasi bilan Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishiga sababchi bo‘lgan korxonalarning lokal tozalash inshootlarida rekonstruksiya qilish hamda beshta charm sanoat korxonasini Toshkentdan tashqariga ko‘chirish reja qilinayotganini ma’lum bo‘ldi.

Iyun boshida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtdagi tozalash inshootlaridan taralayotgan badbo‘y xid masalasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, muammoni o‘z nazoratiga olganini ta’kidlagan edi.

Biznes-ombudsman ruxsati bilan «Bektemir» va «Salar» tozalash inshootlariga chiqindi suvlarni oqizayotgan korxona va tashkilotlar tekshiruvdan o‘tkazildi. «Toshkent shahar suv ta’minoti» 5 ta teri zavodi, 6 ta to‘qimachilik koxonasi va boshqalardan iborat 18 ta potensial xavfli korxona ro‘yxatini taqdim etdi.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, korxona va tashkilotlarning 22 nafar mas’ul shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

2020 yilning oktyabrida O‘zgidromet Toshkent shahri va viloyatida Salar kanali eng ifloslardan biri bo‘lib qolayotganini ma’lum qilgandi. Mutaxassislarning fikricha, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va kanalni tozalab turish uchun unga katta hajmda suv yetkazib berilganida doimiy ravishda sanitariya ishlarini olib borish zarur.

Noyabr oyida «O‘zsuvtaminot» kompaniyasi kanalizatsiya tizimiga chiqarilgan chiqindilar hajmi yil sayin ortib borayotgani, su sababli kollektor blokirovkalari va kanalizatsiya tizimidagi baxtsiz hodisalar tez-tez uchrayotganiligi haqida xabar bergan. Unda qo‘shimcha qilinishicha, Toshkentning oqava suvlarida oziq-ovqat qoldiqlari, butilkalar, kiyim-kechaklar, tagliklar va hattoki sanoat chiqindilari topiladi.