O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

«Fursatdan foydalanib, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib yashaydigan, jamiyatda yuz berayotgan muhim o‘zgarishlar, ustuvor g‘oya va tashabbuslarning ma’no-mohiyatini odamlarga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan, hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib boradigan siz, azizlarga mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan beqiyos hissangiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman», — deyiladi tabrikda.

Davlat rahbari o‘z tabrigida bugungi kunda barcha darajadagi boshqaruv idoralari rahbarlarining OAV vakillari, jurnalistlar bilan muntazam uchrashib, jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarni erkin muloqot asosida keng muhokama etishi yaxshi an’anaga aylanib borayotganini ta’kidladi.

«Biz bunday yondashuvni O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik, oshkoralik va demokratik siyosatning eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz hamda milliy manfaatlarimizga javob beradigan bu yo‘lni qat’iy davom ettiramiz», — deyiladi tabrikda.

Nodavlat elektron OAV, gazeta va jurnallar, nashriyotlar hamda bosmaxonalar soni ortayotgani ta’kidlandi.

Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari — rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu raqam 2410 taga yetdi.

Davlat idoralari tomonidan tanqidiy materiallarga javob qaytarish ko‘rsatkichi 2018 yilda 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga ko‘ra qariyb 90 foizga yetgan.

Respublikada faoliyat yuritayotgan 1893 ta ommaviy axborot vositasidan 638 tasi yoki 33,7 foizi Internet nashrlari — veb-saytlar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida mamlakatda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash maqsadida OAVda ro‘yxatdan o‘tkazishda barcha jarayonlar inson omilisiz, elektron shaklda amalga oshirilayotgani bu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘lganini qayd etib o‘tdi.

«Bugun avlodlar, ijodiy maktablar, an’analar, tushuncha va tasavvurlar yangilanmoqda. Internet zamoni o‘z talab va qoidalarini ilgari surmoqda. Ana shunday murakkab o‘tish davrida milliy jurnalistikamiz ilgari kuzatilmagan turli sinov va qiyinchiliklarga ham duch kelayotganini e’tirof etish va ularni birgalikda bartaraf qilish haqida o‘ylashimiz lozim», — deyiladi tabrikda.

Prezident mazkur sohada yillar davomida erishilgan eng yaxshi yutuq va an’analarni saqlab qolish, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga, qonun talablariga qat’iy rioya qilish, fuqaroning sha’ni va g‘ururi, uning o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lish huquqini hurmat qilish, yuksak professional mahorat jurnalistlar uchun doimo asosiy faoliyat mezoni bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi.

O‘tish davri bilan bog‘liq sabablar tufayli bugungi kunda bir qator bosma nashrlarning moliyaviy ahvoli murakkab bo‘lib qolayotgani hammamizga yaxshi ma’lum. Yaqinda o‘zining yangi rahbarini saylagan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, respublikadagi yetakchi gazeta va jurnallar bosh muharrirlari bilan birgalikda mazkur masalani atroflicha muhokama qilish hamda tegishli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Ushbu hujjatda bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga oid amaliy chora-tadbirlar bilan birga, sohaga bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini to‘liq joriy etish, mazkur nashrlarning mazmuni va jozibadorligini yanada oshirish, ularning axborot maydonida raqobatbardosh bo‘lishi uchun mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish masalalari ko‘zda tutilishi belgilanmoqda.

«Ayni vaqtda sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish va jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish ham oldimizda turgan muhim vazifadir», — deyiladi tabrikda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalarni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

«Ta’kidlab aytamanki, mamlakatimizda demokratik yangilanish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lida davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan sohani qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini har tomonlama rag‘batlantirishga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratiladi», — deyiladi tabrikda.