Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar turizm vazirlari yig‘ilishidan so‘ng, Qozog‘iston madaniyat va turizm vaziri Aktoti Raimkulova Silk road visa Buyuk Ipak yo‘li mamlakatlari «Osiyo Shengeni» vazifasini o‘tashi kutilayotganini ma’lum qildi. U bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbat vaqtida aytib o‘tgan.

Ma’lumot o‘rnida, avvaliga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston yagona turistik vizani ishlab chiqishni rejalashtirgan edi. Mazkur g‘oya 2018 yilning to‘rtinchi choragida Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Qozog‘iston birinchi hududlararo forumida tilga olingan, deb ma’lum qilmoqda «Gazeta.uz» muxbiri. Keyinchalik Qirg‘iziston tomoni ushbu kelishuv yuzasidan aniq qarorini bildirishni keyinga qoldirdi. Shu bois viza borasidagi gap-co‘zlar faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston atrofida aylana boshladi.

2021 yilning 18 mayiga kelib, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari yagona sayyohlik vizasini ishga tushirishga tayyorligi aytdi. «Aniq sanani ikki tomonlama komissiya belgilaydi… Biz barcha texnik muammolarni hal qildik, qaror qilish arafasidamiz. Davlatning ichki tasdiqlash tartib-taomillaridan o‘tib olishimiz kerak», — degan Abduhakimov.

U shuningdek, «Osiyo Shengeni»ga Qirg‘iziston juda faol qiziqish bildirayotganini, Ozarbayjon bilan avtonom o‘zgarishlar mavjudligi, ehtimol Tojikiston, Mo‘g‘uliston, shuningdek, bir qator Kavkazorti respublikalari ushbu loyihaga qo‘shilishi mumkinлигиni qayd etgandi.

Payshanba kuni Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan turizm vazirlari yig‘ilishida qozog‘istonlik vazirning so‘zlariga ko‘ra, har bir mamlakatda alohida viza bo‘lganidan hamma uchun teng huquqlardagi yagona viza yaratilgani barcha uchun birdek manfaatli.

«Yagona turistik — Silk road visa`ni tashkil etishi bo‘yicha juda katta ishlar qilindi. Bu Buyuk Ipak yo‘lidagi mamlakatlar uchun ushbu vizani yaratish juda katta ahamiyatga ega. Biz uchun bu juda ham muhim qadam. Chunki shu orqali mahalliy va xorijiy turistlar Buyuk ipak yo‘lidagi davlatlar bo‘ylab vizasiz bemalol harakatlana olishadi», — dedi u.

Qozog‘iston madaniyat va turizm vaziri Aktoti Raimkulova. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Ushbu vizaning turli bandlari bo‘yicha juda ko‘plab uchrashuvlar va kelishuvlarga erishildi.

«Bu nafaqat bizni juda katta xohishimizni ifodalaydi (turizm vazirlari — tahr.), balki davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari hamda Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ko‘p ishlar qilinishi kerak deganidir. Shuningdek, barcha mamlakatlar uchun yagona bo‘lishi mumkin bo‘lgan tartiblar ro‘yxatini ishlab chiqish ham zarur. Ya’ni, fuqarolik holati bo‘yicha — misol uchun qaysidir mamlakatda chetga chiqishi mumkin bo‘lmagan shaxslar bo‘lishi mumkin. Hozir davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari shu kabi masalalarni ko‘rib chiqishmoqda», — dedi vazir.

Aktoti Raimkulovaning qo‘shimcha qilishicha, pandemiya sabab vizani qabul qilish bo‘yicha ishlar bir muddat kechikkan.

«Men o‘ylaymanki, tez fursatlarda mazkur viza amalda qo‘llanila boshlaydi. Albatta, pandemiya o‘zini ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi, harakatlarimiz bir muddat to‘xtab qoldi. Azgina vaqt yo‘qotdik, biroq Inshaolloh 2022 yildan viza amal qila boshlashi haqiqatga yaqin», — dedi u.

Qozog‘iston vakilasi o‘z so‘zi yakunida bu jarayonni tezroq boshlanishi mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘riladigan choralarga bog‘liqligini ta’kidlagan.