28 iyundan 12 iyulga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtobus va avtomobil orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi.

SSV ushbu cheklov quyidagi holatlarga tatbiq etilmasligini ma’lum qildi:

  • Toshkent shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga;
  • Toshkent shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) chet el fuqarolariga;
  • davolanish uchun tashrif buyurayotgan shaxslarga;
  • Toshkent shahrida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hududlardan keluvchi shaxslarga (ish joyi to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjat bo‘lgan taqdirda);
  • Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketuvchi shaxslarga (aviachipta bo‘lgan taqdirda);
  • O‘zbekiston Respublikasiga turist bo‘lib kelgan chet el fuqarolariga va ularni olib kelayotgan avtotransport vositasining haydovchisi hamda agar guruhli jamoa bo‘lsa, tarjimon yoki turistik firma vakiliga;
  • barcha turdagi yuk tashish, shuningdek, qurilish materiallari (qum, shag‘al va boshqalar) bilan bog‘liq hollarga, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini har qanday avtotransport vositalarida hamda «O‘zbekiston pochtasi» AJning pochta jo‘natmalarini tashish bilan bog‘liq hollarga;
  • sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus pandemiyasining keyingi to‘lqini yuzaga kelishini oldini olish maqsadida aholidan belgilangan sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etishlari va vaksinatsiya tadbirlarida faol qatnashishlarini so‘radi.

Oldinroq 28 iyundan boshlab karantin choralari kuchaytirilishi, umumiy ovqatlanish obyektlari va ko‘ngilochar obyektlar 20:00gacha ishlashi, Toshkentda 18 yoshdan katta aholini ham koronavirusga qarshi emlash tadbirlari boshlanishi haqida ma’lumot berilgan edi.