24 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev investitsiya va eksport sohalaridagi ishlar natijadorligi, yil yakunigacha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, yig‘ilishda investitsiyalarning natijadorligi chuqur tahlil qilingan.

«Har bir dollar davlatimizga foyda keltirishi kerak. Investitsiya investitsiya uchun emas, ish o‘rni yaratilishi, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish uchun o‘zlashtirilishi kerak. Loyihalarning samarali ishlashi uchun esa korxonaning aylanma mablag‘i, gazi, elektr energiyasi, eksporti nima bo‘lyapti — bular bilan doim shug‘ullanish lozim. Investitsiya va eksport bilan shug‘ullanmagan hokimlarning kelajagi yo‘q», — dedi u.

Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan har bir mlrd so‘m evaziga Namanganda 12 ta, Andijonda 11 ta, Navoiy va Sirdaryoda 8−9 tadan yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu ko‘rsatkich Buxoro, Samarqand va Xorazmda 6−7 ta, Qashqadaryo va Farg‘onada 5 taga to‘g‘ri kelgan. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida esa atigi 3−4 tani tashkil etgan.

Yana bir tahlil, Toshkent viloyatiga so‘nggi 4 yilda yo‘naltirilgan 950 mln dollar xorijiy investitsiya va bank kreditlari hisobiga atigi 40 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ya’ni bir ish o‘rni 24 ming dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Vaholanki, Namangan viloyatida 2 baravar kam mablag‘ sarflanib, 52 mingta ish o‘rni ochilgan.

Shuningdek, 2 mingdan ziyod korxona past quvvatda ishlayotgani, ayrim tumanlarda ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etildi.


Davlat rahbari tarmoq va hudud rahbarlarining asosiy vazifasi investitsiyaviy faollikni kuchaytirish bilan birga, ularning samaradorligini oshirish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga, har bir tuman va shaharda sanoat bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlab, manzilli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

«Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda qo‘shnilarni ham hisobga olganda, mebel mahsulotlari bozori 2,5 mlrd dollarga teng va bu biz uchun juda katta imkoniyat. Lekin, bugungi kunda respublika bo‘yicha 5,5 mingta mebel korxonasidan 1,5 mingtasi aholi xonadonlarida joylashgan bo‘lib, ularni sanoatlashtirish orqali, kamida mingta loyihalarni amalga oshirish mumkin. Misol uchun, Xorazmdagi mebelsozlarning 44 foizi Xonqada joylashgan. Tumandagi „Istiqlol“, „Barkamollik“, „Paxtagul“ va „Vatanparvar“ mahallalarida 100 dan ziyod oila o‘z xonadonlarida mebel ishlab chiqaradi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident 15 ta hudud — Nukus, Andijon, Oltinko‘l, Romitan, Qarshi, Karmana, Pastdarg‘om, Uzun, Bag‘dod, O‘rtachirchiq, Xonqa tumanlari, Jizzax, Qarshi, Namangan va Yangiyer shaharlarida klaster shaklidagi mebelchilik kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 200 mln dollarlik 450 ta loyiha joylashtirilishi va kamida 7,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi bo‘yicha topshiriq bergan.

Bundan tashqari, yurtimizdagi 5 mingdan ziyod mebel korxonasidan 1 ming 500 tasi xonadonlarda joylashgan. Endi ularni sanoatlashtirish, mahsulotlarni va ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish mumkin.

Bu kabi chora-tadbirlarni charm-poyabzal, elektr texnikasi, to‘qimachilik, farmatsevtika, zargarlik, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati sohalarida ham amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Joriy yilda charm-poyabzal sanoatida 202 mln dollarlik 112 ta loyiha, elektr texnikasi tarmog‘ida 140 mln dollarlik 45 ta loyiha, farmatsevtika yo‘nalishida 146 mln dollarlik 36 ta loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Prezident bir oyda 10 ta hudud — Andijon, Shahrixon, Jizzax, Namangan, Marg‘ilon, Qo‘qon, Nurafshon va Ohangaron shaharlari, Urgut va Samarqand tumanlarida charm mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha kichik sanoat zonalariни tashkil etish bo‘yicha topshiriq ham berdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishga qo‘shimcha 50 mln dollar kredit liniyasi jalb qilinadi.


Shu bilan birga, bugungi kunda bo‘sh turgan va past quvvatlarda ishlayotgan yana 19 mingta obyekt bor. Mutasaddilarga ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, elektron platformasini yaratish, tadbirkorlar bilan uchrashib, loyihalarni amalga oshirishga yordam berish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda umumiy qiymati 6,5 mlrd dollarlik 226 ta yirik tarmoq va hududiy loyihalar ishga tushirilishi, 35 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi mo‘ljallangan. Yig‘ilishda ularning ijrosi ham ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot o‘rnida, shu yili 756 ta loyiha doirasida 7,7 mlrd dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan kreditларни o‘zlashtirish belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev davlat tashqi qarzi ishtirokidagi loyihalar samaradorligini oshirish lozimligiga alohida e’tibor qaratdi. Tenderlar ochiq-oshkoraligini ta’minlash va loyihalarni maqbullashtirish orqali mablag‘larni iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining 21 iyundagi qarori bilan hududlarda klaster usulida mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan KSZlar tashkil qilinishi va ularga beriladigan imtiyozlar belgilab berilgan edi.