25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Ma’lumotga ko‘ra, 24 iyun holatiga Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqini beruvchi jami 101 ta litsenziya qo‘lga kiritilgan.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari boshlangunga qadar olimpiya sport turlari bo‘yicha qo‘shimcha kvotalar ajratish, paralimpiya sport turlari (paradzyudo, parapauerlifting, parasuzish, paraakademik eshkak eshish va boshqalar) bo‘yicha qo‘shimcha 17 ta litsenziyani qo‘lga kiritish kutilmoqda.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

  • oltin medal uchun — 200 000 AQSh dollari;
  • kumush medal uchun — 100 000 AQSh dollari;
  • bronza medal uchun — 50 000 AQSh dollari.

Qayd etilishicha, mazkur xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun «Toshkent-Tokio-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslari tashkil etiladi.

«Gazeta.uz» avvalroq Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayoniga oid taqdimotga e’tibor qaratgan edi. Unda nufuzli musobaqalar g‘oliblari uchun 5 mlndan 7 mln so‘mgacha bo‘lgan stipendiyalar joriy etilishi haqida aytilgan edi.