Sharoit Pyus” nogironlar jamoat birlashmasi nogironligi bo‘lgan shaxslarni ochiq mehnat bozorida munosib ish bilan ta’minlash uchun ishplus.uz maxsus rekruting veb-portalini ishga tushirdi.

Portalning asosiy vazifasi — bir tomondan, mehnatga layoqatli va ish izlashda qiyinchiliklarga duch kelayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ish topishda yordam berish, va ikkinchi tomondan — ish beruvchilarga malakali nogironligi bo‘lgan xodimlarni topishda ko‘maklashish. Portal orqali ariza topshirish uchun nogironligi bo‘lgan shaxs onlayn tarzda rezyume shaklini to‘ldirishi yoki telefon orqali mutaxassis maslahatini olgan holda rezyume tayyorlashi mumkin. Shunday qilib, ish izlovchilar ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Bundan tashqari, portal ish beruvchilarga nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda berilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida maslahat xizmatlarini ko‘rsatgan holda ularni maxsus vakansiyalarni ochishga undaydi. Loyiha koordinatorlari ish beruvchilarning qonunga muvofiq 3% kvotani amalga oshirish majburiyatlari bo‘yicha batafsil tanishtirishadi.

Barcha ish topish va ochiq mehnat bozorida moslashish bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar onlayn tarzda — portal, loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va maxsus Telegram bot orqali amalga oshiriladi. Pandemiya sharoitida ishga joylashish bo‘yicha barcha xizmatlarni onlayn tashkil etish nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kasallik xavfini ham kamaytiradi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va YeXHT loyihaning hamkorlari hisoblanadi. Loyihani YUNISEF, BMT TD va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan BMTning O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani mustahkamlash bo‘yicha Qo‘shma dasturi qo‘llab-quvvatlamoqda.

Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan inklyuziv ishga joylashish bo‘yicha tashabbus taqdimotini BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Xalqaro mehnat tashkilotining katta texnik maslahatchisi Yonas Astrup va boshqalar qo‘llab-quvvatlashdi.

“Dunyo aholisining 15 foizi yoki qariyb 1 milliard odamning nogironligi bor. Dunyo iqtisodiyoti nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqtisodiy faoliyatga jalb qilinmalaganligi uchun YAIMning 7% yo‘qotadi”, — deya ta’kidladi Yonas Astrup, nogironligi bor shaxslar uchun ish o‘rinlarini yaratishga chaqirib.

O‘zbekistonda 630 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan shaxslar rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan 162,2 ming nafari “mehnat faoliyatining muayyan turlarini bajarish uchun layoqatga ega” deb tan olingan. Biroq, 2020 yil holatiga ko‘ra mehnatga layoqatli turli xil nogironligi bo‘lgan kishilarning atigi 21,1 ming nafari yoki 13 foizigina rasmiy ravishda ish bilan ta’minlangan.

2019 yilda BMTning O‘zbekistondagi vaziyat tahlili shuni ko‘rsatdiki, mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 346 ming kishini tashkil qilib ularnining atigi 7,1% rasmiy ravishda ish bilan ta’minlangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish topish ehtimoli nogironligi bo‘lmagan shaxslarga qaraganda qariyb 4 baravar kamroq.

Shu bilan birga, qishloq joylarda esa nogironlarning atigi 5,8% ish bilan ta’minlangan bo‘lib, nogironligi bo‘lgan ayollarning ahvoli erkaklarnikiga qaraganda ancha yomonroq — ayollarning atigi 4,4% va ekrkaklarning 8,9% ish bilan ta’minlangan.

ishplus.uz loyihasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida ma’lumot.