Hisob palatasi Oliy ta’lim tizimi 2017−2020 yillarda ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanganligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazmoqda. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Palata tomonidan 2017−2020 yillarda prezident hujjatlarida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga berilgan topshiriqlar ijrosi tahlil qilinmoqda. Shundan, hisobotlarda bugungi kunda ijro qilinganligi ko‘rsatilgan 3 710 ta topshiriqlarni bajarilganligini haqqoniyligi, Oliy ta’lim tizimida olib borilgan islohotlarni natijadorligi baholanadi.

Dastlabki o‘rganishlarda 4 ta topshiriqni ijrosi ta’minlanmasdan qolayotganligi ma’lum bo‘ldi va ushbu topshiriqlarni bajarilishi alohida nazoratga olinganligi ma’lum qilindi.

Masofaviy nazorat natijasida kuzatilgan shubhali holatlar joyiga chiqib o‘rganilganda, 2 ta Oliy ta’lim muassasida 22,5 mlrd so‘m mablag‘larni o‘zlashtirilganligi aniqlandi.

Jumladan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida hisoblangan ish haqi va stipendiyalarga nisbatan bankdan ortiqcha olingan 21 mlrd so‘m naqd пуллар buxgalteriya xodimlari tomonidan qalbaki vedomostlarni tuzish orqali o‘zlashtirilgan.

Xuddi shunday, Jizzax politexnika institutida 1,5 mlrd so‘m mablag‘lar plastik kartochkaga o‘tkazish orqali o‘zlashtirilgan.

Buxgalteriya xizmati mas’ullari tushintirish xatlarida yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘larni o‘zlashtirganliklarini ko‘rsatib o‘tgan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar o‘zlashtirilgan mablag‘larni o‘z joyiga tiklash va huquqiy baho berish uchun belgilangan tartibda Bosh prokuraturaga yuborildi.

Palata Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligida nazorat tadbirini davom ettirmoqda.