Chexiyada yuz bergan tornado oqibatida 200 ga yaqin kishi jarohatlandi

Foto: EPA/Vostock-photo

Chexiya Respublikasining janubi-sharqiy hududlarida sodir bo‘lgan tornado oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi, 200 ga yaqin kishi jarohat oldi. Jabrlanganlar orasida bolalar ham bor. Qutqaruvchilarning xabar berishicha, janubiy Moraviya hudididagi jami yettita aholi punkti, ulardan Grushki, Lujitse, Moravska-Nova-Ves va Mikulchitse qishloqlari eng ko‘p zarar ko‘rgan. Odamlar turar-joy binolari xarobalari ostida qolmoqda, qutqaruv ishlari davom etmoqda. Ta’kidlanishicha, Chexiya armiyasi, shuningdek Slovakiya va Avstriyadan kelgan qutqaruvchilar ham jabrlanganlarga yordam berishmoqda. — Associated Press.


AQSh Afg‘onistonda 650 ga yaqin harbiyni qoldiradi — OAV

Vashington Afg‘onistondagi kontingentining asosiy qismi chiqarilgandan so‘ng mamlakatda 650 nafarga yaqin harbiyni qoldiradi. Bu haqda TASS AR’ga tayanib xabar bermoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh armiyasining asosiy qismi olib chiqib ketilgandan so‘ng diplomatlarning xavfsizligini ta’minlash uchun taxminan 650 nafar AQSh harbiylari Afg‘onistonda qolishi mumkin. Bundan tashqari, bir necha yuzlab AQSh harbiylari Kobul aeroportida, ehtimol sentyabrgacha Turkiya kuchlariga xavfsizlikni ta’minlashda yordam berishadi. Nashrning ta’kidlashicha, AQSh va xalqaro kuchlarning aksariyat qismi Afg‘onistondan 4 iyulga qadar yoki undan ko‘p o‘tmay olib chiqiladi. — TASS.

Shuningdek: AQShning Mayami shahrida (Florida shtati) ko‘p qavatli turar-joy binosi qulashi natijasida 100 ga yaqin odam bedarak yo‘qolgan, kamida bir kishi vafot etdi. U yerda 80 ta qutqaruv guruhlari ishtirokida uyda bo‘lgan odamlarni keng ko‘lamli qidiruv-qutqarish ishlari olib borilmoqda. Ular vayronalar ostidan taxminan 35 kishini olib chiqishga muvaffaq bo‘lishdi. Ikki kishi kasalxonaga yotqizildi. Yana o‘nga yaqiniga joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi. Mamlakat prezidenti Jo Bayden Florida shtatida favqulodda holat e’lon qilish to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi.

Foto: Joe Raedle/Getty Images


Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar muddatini uzaytirdi

Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga qarshi iqtisodiy sanksiyalar muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. «Biz Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni uzaytirdik. Moskva Minsk kelishuvlarini bajarishga qaratilgan ishini bajarishi kerak», deb yozdi Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel o‘zining Twitter’dagi sahifasida. «Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan beshta asosiy prinsipga asoslangan yagona va strategik yondashuvga amal qiladi», deya qo‘shimcha qildi u.

Iqtisodiy sanksiyalar dastlab 2014 yil 31 iyulda «Rossiyaning Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtiruvchi harakatlari»ga javoban bir yil muddatga joriy etilgan edi. Keyin ushbu choralar 2014 yil sentyabr oyida kuchaytirildi.


Eron oliy rahbari koronavirusga qarshi emlandi

Foto: Eron oliy rahbari Oyatulloh Xomanaiy / twitter.com/khamenei_ir

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksinaning birinchi dozasini oldi. «O‘z bilimlari va tajribalarini ishga solib, mamlakatga koronavirusga qarshi vaksina singari nufuzli imkoniyatni taqdim etish uchun ilmiy va amaliy sa’y-harakatlarni amalga oshirganlarning barchasidan chin yurakdan minnatdorman», — deb yozgan Xomanaiy o‘zining Twitter’dagi sahifasida. Oliy rahbarning iltimosiga binoan, u Eronning COV-Iran Barekat preparati bilan emlangan.

Ta’kidlashicha, emlashdan oldin Xomanaiy ikkita shartni ilgari surgan: u navbatdan tashqari emlashni xohlamagan va Eronda ishlab chiqarilgan preparat bilan emlanishni talab qilgan.

Avvalroq Qozog‘istonning birinchi prezidenti, elboshi Nursulton Nazarboyev koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangani haqida xabar bergan edik.


Koronavirusning delta shtammi odatdagidan ikki baravar yuqumli — JSST

Dastlab Hindistonda aniqlangan koronavirusning delta varianti, Xitoyning Uxan shahrida topilgan dastlabki shtammdan ikki baravar yuqumli, dedi JSST bosh olimi Sumya Svaminatan. Uning tarqalish tezligini hisobga olgan holda, olim delta varianti dunyoda koronavirusning dominant turiga aylanishi mumkinligini aytdi. «Yaxshi xabar shundaki, bugungi kunda dunyoda qo‘llaniladigan vaksinalarning aksariyati hech bo‘lmaganda og‘ir kasalliklarning oldini olishda samarali bo‘lmoqda», dedi Svaminatan. — Interfaks.