O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov rahbarligida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglari hamda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari harbiy qism va bo‘linmalarida rejaga asosan qo‘qqisdan tekshiruvlar bo‘lib o‘tmoqda. Bunda shaxsiy tarkib va jangovar texnikalarning shayligi tekshiruvdan o‘tadi. Ma’lumotga ko‘ra, hozirda vazir Afg‘oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida bo‘lib turibdi.

Shuningdek, “Angren” va “Termiz” umumqo‘shin dala maydonlari hududida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonliklari tasarrufidagi harbiy qism va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari o‘rtasida o‘zaro tajribalar almashish hamda harakatlarni muvofiqlashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy dala ko‘nikmalarini takomillashtirish maqsadida batalon taktik o‘quvlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Taktik o‘quvlar davomida “Trevoga” signali berilganda shaxsiy tarkibning harakatlari, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha himoyani kuchaytirishi, qo‘yilgan jangovar o‘quv vazifalarini sifatli bajarish borasidagi ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, shartli dushmanning ehtimoliy joylashgan hududi aniqlanib, keyinchalik ular tomonidan olib borilishi mumkin bo‘lgan faol harakatlarni bartaraf etish maqsadida ular joylashgan hududlarga aviatsiya hamda artilleriya bo‘linmalarining kuch va vositalari hamda minomyotchilar batareyasi tomonidan zarbalar beriladi.

Mashg‘ulotlar Afg‘onistonda vaziyatning keskinlashuvi fonida tashkillashtirilgan. Oldinroq Tashqi ishlar vazirligi Sho‘rtepa tumanidagi O‘zbekison chegarasini 53 nafar afg‘on harbiylari va qurollangan guruhlar kesib o‘tgani haqida ma’lum qildi. Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi “Sherxon-Bandar” nazorat o‘tkazish punkti tolibon nazoratiga o‘tganligi haqida xabar bergan edik. 134 nafar afg‘on harbiylari tolibonlardan chekinib qo‘shni mamlakat hududiga kirishga majbur bo‘lgan. Tojik chegara qo‘shinlari davlat chegarasidan o‘tganlarga Tojikiston hududiga to‘siqlarsiz o‘tishga ruxsat bergan.

23 iyun kuni O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari telefonda muloqot o‘tkazib, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishdi. Davlatlar rahbarlari chegara liniyasidagi vaziyatni keskin deb baholashgan. Tomonlar Afg‘onistondagi tinch jarayonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olishgan.

Foto