Sirdaryodagi maktab hojatxonasida 8 yoshli qizga nisbatan axloqsiz harakatlarni amalga oshirgan erkakka 10 yil qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda «Sukut saqlama» loyihasi asoschisi Irina Matviyenko ma’lum qildi.

2020 yilning oktyabrida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida istiqomat qiluvchi ayol o‘zining 8 yoshli qiziga noma’lum erkak tomonidan axloqsiz harakatlar amalga oshirilgani yuzasidan shikoyat qilgan edi.

O‘shanda qizchaning onasi 15 iyul kuni 8 yoshli qizi uyi oldidagi do‘konga chiqqanda uni noma’lum erkak velosipedda 35-sonli maktabga olib ketganini aytgan edi. Qizchaning aytishicha, erkak uni maktab hojatxonasiga olib kirib, yechintirgan va axloqsiz harakatlarni amalga oshirgan. Ularni payqab qolgan maktab qorovuliga esa, erkak qizaloq singlisi ekani va hojatga chiqqisi kelganini aytgan. Shundan so‘ng, erkak qizni velosipedga o‘tqazib, ko‘cha boshiga tashlab ketgan va bu haqda onasiga hech nima demasligini ta’kidlagan.

Ayol bu bo‘yicha Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Qizaloq suratlarda erkakni tanigan. Ekspertiza qizning tanasi va kiyimlaridan hech qanday izlarni topmagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi 28 yoshli mahalliy fuqaro (oldin sudlangan, uylanmagan) bo‘lib chiqqan. Jinoyatchini tanish vaqtida u o‘ziga lezviya tortib yuborgan.

2021 yilning 22 iyun kuni gumonlanuvchi Jinoyat kodeksi 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish o‘n to‘rt yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan aybdor deb topilib, 10 yil-u 1 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Shuningdek, u o‘ta xavfli retsidivist deb e’lon qilingan.