O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat Afg‘onistondagi, jumladan, chegaradosh shimoliy viloyatlardagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borayotganligini ma’lum qildi.

«Qo‘shni mamlakatda zo‘ravonlikning ortishi chuqur xavotir uyg‘otmoqda. Koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqini sharoitida keskinlikning kuchayishi afg‘on xalqi hayotini yanada murakkablashtirmoqda», — deyiladi TIV bayonotida.

Tashqi ishlar vazirligi ixtilofga aloqador barcha tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga hamda tinch aholi orasida qurbonlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilning 23 iyun kuni 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Sho‘rtepa tumani hududidan O‘zbekistonga o‘tgan. Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarilgan.

«O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etiladi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko‘riladi», — deyiladi xabarda.

«O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat’iy ma’lum qiladi», — deya ta’kidlaydi TIV.

«O‘zbekiston hukumati birodar afg‘on xalqini har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatish, jumladan, mamlakatda mustahkam va keng qamrovli tinchlik o‘rnatilishiga xizmat qiladigan yirik energetika va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali ko‘mak berishda davom etadi», — deya xulosa qilinadi TIV bayonotida.

Oldinroq, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi «Sherxon-Bandar» nazorat o‘tkazish punkti tolibon nazoratiga o‘tganligi haqida xabar bergan edik. Tojikiston Afg‘onistonda vaziyat keskinlashsa, 10 minggacha afg‘on fuqarolarini qabul qilishi mumkinligini aytgan edi.