Bir kun muqaddam «Gazeta.uz» «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi hududidagi obyektlar qurilishini moliyalashtirish uchun Toshkent shahar hokimligining mahalliy byudjetidan 20 milliard so‘m, shuningdek, boshqa hududlardagi yer uchastkalarini investorlarga sotishdan tushadigan mablag‘larni yo‘naltirish rejalashtirilgani haqida yozgan edi. Gap majmua yonidagi 2,67 gektar, shuningdek Aqva Bog’i akvaparki hududidagi 0,9 gektar yerni sotish haqida bormoqda.

Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyev qaror uchun asos qilib olingan davlat rahbarining 2020 yil 8 oktyabrdagi «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-5598-фармойишига e’tibor qaratdi.

Farmoyishda «Shahidlar xotirasi» maydonida amalga oshiriladigan qurilish tadbirlari uchun davlat byudjeti hamda grant va homiy mablag‘lari moliyalashtirish manbalari sifatida keltirilgan.

Qolaversa, farmoyishga majmuada faqatgina ramziy kitob yaratish va Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimlari uchun alohida xizmat binosini qurish belgilangan. Maishiy xizmat binolari yoki savdo do‘konlari, WiFi hududlari, amfiteatr va boshqa obyektlar qurish ko‘zda tutilmagan.

«Gazeta.uz»ning moliyalashtirish manbalari haqidagi materiali chop etilganidan so‘ng Qurilish vazirligi matbuot xizmati dastlabki loyihadan milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari, sayr uchun veloturargohlar, bir qator suhbat joylari, ochiq amfiteatr va wi fi hududi, bolalar va shaxmatchilar uchun o‘yin maydonchalari hamda hojatxonalar chiqarib tashlanganini ma’lum qildi.

Doniyor G‘aniyev prezidentning Yer munosabatlarini tartibga solishga oid 8 iyundagi PF-6243-sonli farmoniga asosan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni sotilishi faqat elektron onlayn-auksion orqali bo‘lishi belgilangani, farmon rasman e’lon qilingan kundan boshlab qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar mazkur farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat’iyan to‘xtatilganiga ham e’tibor qaratdi.

«Shundan kelib chiqib, VM qarorida investorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi ko‘zda tutilgan yerlar savdosi to‘xtalishi kerak emasmi? (agar Farmon chiqquncha sotib ulgurilmagan bo‘lsa, albatta)», — deb yozdi deputat.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, Toshkent shahridagi «Shahidlar xotirasi» xiyoboni moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyekti sifatida qayd etilgan.

2019 yil 30 avgustda qabul qilingan 560-sonli qonun bilan esa davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish, shuningdek, ularning hududlarida moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzish bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

«Shundoq ham Toshkentning bir necha bog‘ va xiyobonlari kimlarningdir tijoriy maqsadlari yo‘lida xususiylashtirildi yoki tugatilib, o‘rnida ko‘p-qavatli uylar qurib bo‘lindi. Shu kungacha bu ishlarni hammamiz bilib, bilmaslikka oldik, hammasiga ko‘z yumib keldik», — dedi Doniyor G‘aniyev.

Deputat Vatan istiqloli, xalq ozodligi va erkinligi yo‘lida mardona kurash olib borib, shu yo‘lda aziz jonlarini fido qilgan yuz minglab ajdodlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan xotira majmuasidan ham tijorat maqsadlarda foydalanish to‘g‘rimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.

«Mustabid tuzum davridagi qatag‘onlar tufayli qurbon bo‘lgan, insoniylik sha’ni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini toptash, ruhini chinqiratish emasmi bu?» — deya so‘radi u.

Qurilish vazirligining quruvchilar reytinglari.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi qarori (XDFU — xizmat doirasida foydalanish uchun grifiga ega) bilan majmua, jumladan rotondani rekonstruksiya qilish, qatag‘on qurbonlari ism-shariflari yozilgan ramziy kitob o‘rnatish, muzey xodimlari uchun alohida ma’muriy bino qurilishi uchun Mimar Group kompaniyasi tendersiz tanlab olingan. Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyini rekonstruksiya qilish uchun esa Ijod-Ijod xususiy korxonasi tanlangan. Ularga 2021 yilning 1 sentyabriga qadar qurilish-montaj ishlarini loyihalash-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirishga ruxsat berilgan.

O‘z navbatida, reyting.mc.uz qurilish-pudratchi tashkilotlar reytingiga ko‘ra, Mimar Group va Ijod-Ijod reyting bahosi SSS (1-qoniqarli daraja, ishonchlilik darajasi 30 foizdan 35 foizgacha) bo‘lgan quruvchilar guruhiga mansub.