Leningraddagi qurilishda 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi balandlikdan yiqilib tushib, vafot etdi, deya xabar bermoqda «78.ru» nashri.

Nashrning huquq-tartibot organlaridagi manbasining ma’lum qilishicha, 17 iyun kuni Vsevolojsk shifoxonasiga tez yordam mashinasida 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi og‘ir ahvolda olib kelingan. Shifokorlar unga balandlikdan yiqilishga oid tan jarohatlari tashxisini qo‘ygan. Oradan to‘rt kun o‘tgach, 21 iyun kuni bemor reanimatsiya bo‘limida vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik muhojir tumanning Ioann Kronshtadskiy ko‘chasidagi 12 qavatli turar joy binosining qurilishida ishlagan. Qurilish boshqaruvchisining so‘zlariga ko‘ra, erkak kompaniya bilan shartnoma asosida ishlagan. Mazkur hodisa yuz bergan kuni ish joyida bo‘lgan va noma’lum sababga ko‘ra, balandlikdan tushib ketgan. Taxminlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik fuqaro ikkinchi qavatdan yiqilgan.

Hozirda holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.