Qo‘qon shahrida 23−24 iyun kunlari Turkiy kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishi va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Kengashning birinchi kunida davlatlarning mas’ul vakillari uchun O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida infotur tashkil qilindi.

Mamlakatlarning turizm vazirlari, jumladan, Turkiy kengash raisi Bag‘dat Amreyev, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Qozog‘iston madaniyat va sport ishlari vaziri Aktoti Raimkulova, Qirg‘iziston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Seyit Risaliyev, Ozarbayjon davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiyev Qo‘qondagi bir qancha turistik obyektlarni borib ko‘rishdi. Ularga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamrohlik qildi.

«Gazeta.uz» muxbiring xabar berishicha, delegatsiyalar a’zolari kunning birinchi yarmida Marg‘ilon shahridagi 2020 yilda usta Ibrohim Sultonov tashabbusi bilan DXSH asosida qurilgan Hunarmandlar markaziga tashrif buyurishdi.




Bu yerda 600 nafar usta 200 ortiq turdagi atlas va adras to‘qish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ular tomonidan 2 mingga yaqin xotin-qizlar ish bilan ta’minlangan.







Rishton xalqaro kulolchilik markazi

Turizm vazirlarining keyingi manzili — Rishtondagi xalqaro kulolchilik markazi bo‘ldi. Markaz o‘zida Rishton tarixi muzeyi, 20 ta ikki qavatli kulollar xonadonidan iborat. Hunarmandlar birinchi qavatdagi ustaxona va savdo do‘konlarida o‘z faoliyatini yuritishsa, ikkinchi qavatda oilalari bilan hayot kechiradi.


O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Nazirov ustaxonalar haqida delegatsiya a’zolariga ma’lumot berdi. Uning aytishicha, xonadonlarda 6 o‘rinli mehmonxona ham mavjud bo‘lib, turistlar shu yerda yashab, kulollar ishi bilan yaqindan tanishishi hamda o‘rganishi mumkin.


Ustaning qo‘shimcha qilishicha, har bir kulol ko‘zi bog‘liq holatda ham turli xildagi idishlarni yasay olishi lozim. Shu joyning o‘zida vazirlarga mahorat darsi ham o‘tildi.



Ta’kidlanishicha, hozirda kulolchilik mahsulotlari BAA, Turkiya, Chexiya, Rossiya, Ozarbayjon, qo‘shni davlatlardan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinayapti.



Zamonaviy rishton kulollik maktabining yirik vakili Sharofiddin Yusupovning aytishicha, bu yerda yaralgan katta sopol laganlar 250 AQSh dollari, o‘rtachalari 120−150 dollar, kichiklari esa 70 dollardan sotilmoqda.




Ustaxonalarning ko‘plarida kulolchilik, turli xildagi idishlarni yasash, bezash ishlari bilan oilaviy shug‘ullanishadi.





Mehrigiyo salomatlik bog‘i

Turkiy kengash davlatlarining turizm vazirlari kun yakunida lavanda hamda boshqa turdagi giyoh va o‘simliklar yetishtiriladigan Salomatlik bog‘iga ham tashrif buyurishdi. Bu yerda turistlar uchun kichik maxsus zona tashkil qilingan, papayya va boshqa o‘simliklar asosan tog‘li hududdagi 250 gektar maydonda o‘stiriladi.


Ushbu markazning mutaxassisi Dilmurodjon Bo‘ronovning so‘zlariga ko‘ra, lavanda va papayya o‘simliklaridan turli giyohlar, dorilar tayyorlanadi.



Delegatsiya a’zolari vaziyatdan foydalanib, suratga tushib olishga ham ulgurishdi.


Jurnalist Dilshoda Rahmatova.


Papayya daraxti.


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»