Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiya va eksport sohalarida olib borilayotgan va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha videoselektor bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, mamlakatda 2017 yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion so‘m (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

«2017 yildan boshlab O‘zbekiston iqtisodiyotiga 83 milliard dollar investitsiya kirdi. Bu juda katta raqam. Juda ko‘p tajriba orttirdik, bir dollarlik investitsiya evaziga qancha ish joyi yaratilyapti, qancha raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaryapti, sanoat o‘sishi qanday — bugun shularni muhokama qilamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, o‘zlashtirilgan mablag‘lardan 26,8 mlrd dollarini xorijdan jalb qilingan mablag‘lar tashkil etadi. Bunda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar — 10,6 mlrd dollar, davlat kafolati ostidagi loyihalar uchun — 8,4 mlrd dollar, kafolatsiz kreditlar — 6,6 mlrd dollar, bank va korxonalarning xalqaro obligatsiyalari — 1,2 mlrd dollarlik mablag‘ jalb qilingan.

O‘zlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga to‘g‘ri keladi. Natijada so‘nggi 4 yilda mamlakat YAIM tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 1,3 baravarga o‘sganligi ta’kidlandi.

Jumladan, avtomobilsozlikda ishlab chiqarish — 3,4 baravar, elektrotexnika — 2 baravar, farmatsevtika va qurilish materiallari — 1,4 baravar, metallurgiya — 1,2 baravarga oshgan.

Tayyor to‘qimachilik va maishiy texnika mahsulotlari eksporti 5 baravarga o‘sgan. Ushbu davrda 441 trillion so‘mlik 47 mingdan ziyod yirik, o‘rta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Shuningdek, so‘nggi 4 yilda mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion so‘m (10 milliard dollar) investitsiyalar yo‘naltirildi.