Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktorining o‘rinbosari Alisher Abdullayev «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda ham koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangan.

Uning aytishicha, koronavirusning «hindcha» shtammi Rossiyadan kirib kelgan bo‘lishi mumkin. «Bugungi kunda eng xafli shtammlardan biri „hindcha“ shtammdir», — deydi u.

Vazirlikning ma’lumotlariga ko‘ra, «hindcha» shtamm bir necha kun oldin qayd etilgan. COVID-19 ning ushbu shtammi bilan kasallanayotganlarning soni ortib bormoqda.

Shuningdek, Abdullayev so‘nggi paytlarda koronavirus bilan kasallanish holatlarining keskin ko‘payyotganiga izoh berib, bunga asosiy sabab vaksina qilinganlar foizining kamligi, emlanishni xohlamaslik hamda ijtimoiy masofalanish va boshqa karantin cheklovlariga amal qilmaslik ekanligini ta’kidladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimi Nasiba Toirovaning nashrga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda ham koronavirus bilan takroran kasallanish holatlari qayd etilgan. «Shuning uchun ham kasallikni boshdan o‘tkazganlarda kuchli immunitet shakllanadi deb o‘ylamaslik kerak. Shunga o‘xshab, koronavirusga vaksina olgandan keyin niqob taqish, masofani saqlash, antiseptik vositalaridan foydalanish kabi epidemiyaga qarshi choralarni ham unutmaslik kerak», — deydi u.

Uning aytishicha, hozirga qadar O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksina qilinganlar orasida koronavirus kasalligi qayd etilmagan. «Vaksina birinchi navbatda koronavirusning og‘ir oqibatlari va o‘lim holatlaridan himoya qiladi», — deya ta’kidlaydi Toirova.

Alisher Abdullayevning ta’kidlashicha, hozirda O‘zbekistonga oyiga 500 mingdan 1 mln 200 minggacha koronavirus testlari ishlab chiqarish quvvati mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 10 maydan boshlab O‘zbekiston Hindistonga aviaqatnovlar uchun qator cheklovlar joriy qilgan edi. Yanvar oyida O‘zbekistonda koronavirusning «britancha» shtammi, aprel oyida esa «Janubiy Afrika» shtammi aniqlanganligi haqida xabar berilgan edi.