Davlat xavfsizlik xizmati giyohvandlik moddalari va psixotrop vositalarni aniqlash va musodora qilishning bir nechta holatlari to‘g‘risida «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

DXXning Sirdaryo va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi vakillari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Surxondaryo — Samarqand» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi «Umakay» YPX maskanida to‘xtatilgan.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yashovchi, 1987 y.t. fuqaroning yonida 3 kg 363 gr «opiy» giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

DXX xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan «Mineral suvlar» YPX maskanida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1996 y.t. shaxs boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomashina to‘xtatilgan.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 5 kg «opiy» giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, DXXning Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan DBQ xodimlarini jalb etgan holda O‘rtachirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahrida yashovchi shaxslar — 1991 y.t. fuqaro hamda muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan 1990 y.t. shaxs 492 gr «gashish» moddasini 50 mln so‘mga sotgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, har uchchala holatda ham narkotik moddalar mamlakatga Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, avvalroq, DXX tomonidan Afg‘onistondan olib kirilayotgan Sirdaryo va Samarqandda jami 7 kg, Dang‘ara tumanida 1 kg dan ortiq, Farg‘ona viloyatida 1,3 kg giyohvandlik moddalari topilganligi va musodara qilingani haqida xabar berilgan edi.