JSST bolalar va o‘smirlarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat berdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ilk bolalar va o‘smirlarni koronavirusga qarshi emlash mumkinligi haqida ma’lum qildi. Tashkilotning yangilangan yo‘riqnomasida bolalar va o‘smirlar koronavirusni kattalarga qaraganda yengilroq kechirayotgani ta’kidlangan. «Shuning uchun, agar ular COVID-19'ni yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan guruhga kirmasa, ular keksa yoshdagi odamlar, surunkali kasalliklarga chalinganlar va tibbiyot xodimlariga qaraganda kechroq emlanishi mumkin», deyiladi xabarda. Avvalroq tashkilot vaksinalarning bolalarga ta’siri to‘g‘risida ma’lumotlar yetishmayotgani sababli ularni emlashni tavsiya qilmagan edi. — JSST.


Qozog‘istonda majburiy emlanishdan bosh tortganlar jarimaga tortiladi

COVID-19'ga qarshi majburiy emlashdan bosh tortgan mehnat jamoalari xodimlari jarimaga tortiladi, dedi Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi raisi Ayjan Yesmagambetova. Ta’kidlanishicha, talablarni bajarmagan jismoniy shaxslardan oylik hisoblash ko‘rsatkichining (2778 tenge) 5 baravari miqdorida jarima undiriladi. Yesmagambetova yuridik shaxslar, shuningdek, ish beruvchilar ham ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligini ta’kidladi.

Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishchilar, sanoat korxonalari, 20 kishidan ortiq jamoalarni majburiy emlash tartibi joriy qilingan. — Interfaks.


Efiopiyada aviazarba natijasida kamida 80 kishi halok bo‘ldi

Efiopiyaning Tigray shtati shimolida joylashgan Togoga qishlog‘idagi bozorga qilingan aviazarba natijasida kamida 80 kishi halok bo‘ldi. Hujum 22 iyun kuni kunning o‘rtalarida sodir bo‘ldi. Efiopiya armiyasi vakili polkovnik Getnet Adane Togoga federal kuchlar tomonidan qilingan hujum faktini tasdiqlamadi, ammo rad ham etmadi. Uning ta’kidlashicha, havo hujumlari terrorchilarga qarshi kurashda keng tarqalgan taktika va ular tinch aholiga qarshi qaratilgan bo‘lmagan.

Tigrayni ozod qilish uchun Xalq frontining isyonchi guruhlari 22 iyun kuni shtatdagi federal pozitsiyalarga qarshi hujum boshlagan. Xabarlarga ko‘ra, Efiopiya qurolli kuchlarining to‘rtta bo‘linmasi shtat poytaxti Mekele shimolidagi janglarda qatnashmoqda. — TASS Reuters’ga tayanib.


Ukraina Vazirlar Mahkamasi MDHning turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimidan chiqishga qaror qildi

«MDH doirasida amaldagi xalqaro shartnomalarning milliy manfaatlarga muvofiqligi to‘g‘risida olib borilgan tahlillarga asoslanib, biz Ukrainaning 1993 yil 23 dekabrda Ashxabodda imzolangan turizm sohasidagi hamkorlik shartnomasida ishtirok etishini maqsadga muvofiq emas deb bilamiz», — deyiladi hujjatda. Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, mamlakatning 2012 yil 30 mayda imzolangan MDHga a’zo davlatlarning Turizm kengashi to‘g‘risidagi bitimida ishtirok etishini ham noo‘rin deb hisoblamoqda. Qaror qabul qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi. — TASS.

Avvalroq mamlakat Oliy Radasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida MDH doirasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitimlardan chiqishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi.


Eron Mejlisiga AQSh bilan har qanday muzokaralarni taqiqlovchi rezolyutsiya loyihasi kelib tushdi

Eron va AQSh hukumatlari o‘rtasidagi har qanday muzokaralarni qonunchilikda taqiqlash to‘g‘risidagi farmon loyihasi 24 iyun kuni Mejlisga (parlament) kelib tushdi. Eronning yangi saylangan prezidenti Ibrohim Raisi 22 iyun kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishni istamayotganini ta’kidlagan edi.

Shuningdek: Vena muzokaralari ishtirokchilari Eronga qarshi mingdan ortiq iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishga kelishib oldilar. Bu haqda mamlakat prezidenti ma’muriyati rahbari Mahmud Vayezi aytib o‘tdi. «Sug‘urta, bank, neft va dengig orqali yuk tashish sohalarida barcha sanksiyalar kelishib olindi. Kelishuvga muvofiq, 1040 ga yaqin sanksiyalar bekor qilinadi», — dedi Vayezi.


Fransiyada hukumatdan noqonuniy ravishda 12 mln yevro olgan olti kishi hibsga olindi

Fransiyada pandemiya paytida ishsizlik nafaqasi bilan bog‘liq firibgarlikda ayblangan olti kishi hibsga olindi. Firibgarlik natijasida davlat g‘aznasi 12 mln yevro yo‘qotgan. Uyushgan jinoiy guruhga qarshi operatsiya 16 iyun kuni Fransiya huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan isroillik hamkasblari bilan hamkorlikda va Yevropol ko‘magida o‘tkazildi.

Jinoyatchilar Fransiya hukumatidan 3,6 ming soxta kompaniyalar orqali 12 mln yevro miqdorida ishsizlik nafaqasini olishga muvaffaq bo‘lishgan. Pul mamlakat bank hisob raqamlariga tushirilib, undan keyin boshqa mamlakatlardagi hisob raqamlariga o‘tkazilgan. U yerdan esa ushbu pullarga kriptovalyuta sotib olingan. — TASS.


Shuningdek:

  • Markaziy Afrika Respublikasida yangi hukumat tarkibi e’lon qilindi.
  • Jazoir bosh vaziri prezidentga hukumatni iste’foga chiqarish to‘g‘risida murojaat qildi.