Daxlsizlik huquqidan mahrum etilgan Andijon shahar deputati qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Izboskan tumani prokuraturasi tomonidan «Alliance R.C.» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi doirasida jamiyat rahbari JKning 168- (Firibgarlik), 192−11- (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 228-moddalari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan gumonlanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, sudning ajrimi bilan unga «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Deputatning qamoqqa olinishi yuzasidan uning hamkasbi Jahongir Jiyanov murojaat bilan chiqib, Shuhratbek Karimov doimiy ravishda noqonuniy yer ajratish holatlariga e’tibor qaratganligi va deputat so‘rovlarini yuborganligini eslatdi.
Jiyanovning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy idoralar hozirgacha Andijondagi 50 dan ortiq «Yer sotish sindromi» holatlari (Vazirlar mahkamasi va prezident qarorlariga zid ravishda yer ajratilishi va obyektlarning qurilishi) bo‘yicha munosabat bildirishmagan. Ushbu holatlar jurnalist Xurshid Daliyev kanalida yoritilgan.
«Hech qaysi holat bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda ijobiy natija berilgani yo‘q. Nima uchun Senat, Oliy Majlis, Bosh prokuratura hech qanaqa e’tiroz bildirmayapti? Nega? O‘zbekistonda so‘z erkinligi o‘ldimi? Biz ham jim o‘tiraylikmi?», — deya ta’kidladi deputat va Shuhratbek Karimovning qamoqqa olinishi — «qolgan deputatlarga ochiqdan-ochiq bosim» ekanligini qo‘shimcha qildi.
«Mas’ullar ochiqdan-ochiq prezident siyosatini sabotaj qilishyapti. Biz respublika bu masalaga alohida e’tibor berishini xohlaymiz. Bizning eng katta rahbariyatimiz Senat bu holat bo‘yicha e’tiroz bildirmadi. Nima uchun? Prezident [Andijonga] kelib ketdi, hammayoq imi-jimida yopdi-yopdi bo‘lib ktedi. Biz deputatlar hammamiz ovozimizni o‘chiraylikmi?», — deya yana so‘radi Jiyanov.
Eslatib o‘tamiz, 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar kengashi prokuror taklifiga binoan shahar hududidan noqonuniy ravishda yer uchastkalarini ajratib berishga qarshi chiqib kelgan deputat Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilingani haqida xabar bergan edik.
Adliya vazirligi «deputatni tintuv qilish va o‘z vakolatlarini amalga oshirishga monelik qilish noqonuniy» ekanligini ta’kidlagandi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Keyinroq Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi prezidentga murojaat yo‘llab, mansabdor shaxslar tomonidan deputatlarga bosimlar o‘tkazilayotganini bildirishgan edi.