Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida elektr ta’minotidan norozi bo‘lib, «Afrosiyob» poyezdi yo‘lini to‘sganlarning 13 nafari sudga chaqirildi, deya xabar qildi Daryo.

Chiroqchi tuman «Ayritom» MFY profilaktika inspektori Ahror Do‘stqulovning ma’lumot berishicha, mazkur ish doirasida 50 nafar fuqaroga chora ko‘rilmoqda, 37 nafar fuqaroga ogohlantirish berilgan.

«Ertaga 13 nafar fuqaro sudga chaqirilgan va ularning xatti-harakatiga sudda baho beriladi», — dedi mahalla profilaktika inspektori.

Shuningdek, Chiroqchida 1-sinfda o‘quvchi qiz YTH oqibatida vafot etganiga norozilik bildirib yo‘lni to‘sgan bir guruh ayollar ishi ham sudda ko‘rib chiqilgan va ularga ogohlantirish berilgan. Bu haqda Chiroqchi tuman hokimligi axborot xizmati tuman IIBga tayanib xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda 7 iyun kuni ertalab soat 09:00 dan 10:20 larga qadar «Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasiga qarashli Ayritom temir yo‘l bekati hududida Chiroqchi tuman Ayritom qishlog‘i fuqarolari temir yo‘l ustiga yig‘ilganligi aks etgan video tarqalgan edi. Bu voqeaga elektr ta’minotidagi cheklov sabab bo‘lgani aytildi.