O‘zbekistonliklar «Al-Azhar» universitetida faqatgina Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tavsiyasi asosida o‘qiy oladi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 avgustdagi «Xorijiy diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan o‘rnatilgan.

«Al-Azhar» universitetida ta’lim olish yuzasidan murojaatlar 25 iyundan — 15 iyulgacha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida tashkil etilgan O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy diniy ta’lim muassasalarida ta’lim olishiga ko‘maklashish bo‘yicha Maslahat kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda qo‘mita tavsiyasi asosida amalga oshiriladi.

Ta’lim majmuasiga kelasi yilda qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston fuqarolarining murojaatlari esa yil davomida — 2021 yil 1 avgustdan 2022 yil yil 30 iyunga qadar Maslahat kengashi tomonidan qabul qilinadi.

«Al-Azhar»da o‘qish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Maslahat kengashiga quyidagi hujjatlarning nusxalarini taqdim etishi kerak:

  • Ariza (namuna bo‘yicha);
  • Fuqarolik pasporti yoki (ID) karta nusxasi;
  • Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida shahodatnoma, attestat), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yoki oliy ta’lim muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat;
  • Fuqaroning shaxsiy ma’lumotnomasi (namuna bo‘yicha to‘ldirish shakli) va tarjimayi holi (erkin shaklda).

«Murojaatlar Maslahat kengashi ishchi guruhi tomonidan joriy yil 16−30 iyul kunlari (keyingi yildan 1−30 iyul kunlari) ko‘rib chiqiladi hamda ishchi guruhi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra „Al-Azhar“ ta’lim majmuasida o‘qishga tavsiya etilgan fuqarolar ro‘yxati tavsiya xati asosida Misr Arab Respublikasi „Al-Azhar“ majmuasi institutlari departamenti administratsiyasining elektron manziliga yuboriladi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.