23 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar, deyiladi xabarda.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda qaror topayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar hamda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash uchun yaqin muloqot va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.

Shuningdek, bo‘lajak ko‘p tomonlama, shu jumladan Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

Bir kun muqaddam Tojikiston prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti xavfsizlik kengashlari kotiblarining 16-majlisi ishtirokchilarini qabul qilgan edi Tadbirda O‘zbekiston xavfsizlik kengali kotibi o‘rinbosari Bobur Usmonov ishtirok etdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat va uning borishidagi xavotirli tendensiyalarga qaratildi, deya xabar berdi Tojikiston rahbari matbuot xizmati. «Gazeta.uz» toliblar 21 iyun kuni Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi «Sherxon-Bandar» chegara postini egallagani haqida yozgan edi. Tojikiston DMXQ ikki davlat o‘rtasidagi chegaralari bo‘ylab vaziyat keskin ekanligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Emomali Rahmon Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev bilan ham muloqot qildi. Tomonlar qo‘shni Afg‘onistondagi bugungi harbiy-siyosiy vaziyatni batafsil muhokama qildi. Afg‘onlararo muzokaralar jarayonini amaliy jihatdan yo‘lga qo‘yishda ham tomonlama ko‘maklashishning ahamiyati qayd etilgan.