“Bugungi sukunat orqali sohadagi barcha muammolarga e’tibor qaratishni istadik” — Kun.uz

Kun.uz 22 iyun kuni o‘zbek tilidagi xabarlar lentasini yangilamadi. Nar mamlakatda so‘z erkinligi bilan bog‘liq ayrim qonunchilik me’yorlari hamon eski qoliplarda qolayotgani, bunday kamchiliklar istalgan vaqtda so‘z erkinligiga qarshi qurol sifatida foydalanilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Sanatoriy, pansionat va oromgohlarga faqat koronavirusga test topshirganlar qo‘yiladi

Endilikda fuqarolar sanatoriy, pansionat va bolalar oromgohlariga faqat PZR test topshirgan holdagina qabul qilinadi, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qozog‘iston politsiya xizmati 86 ta yangi Cobalt avtomobilidan foydalanadi

Shimoliy Qozog‘iston viloyati politsiyasiga 86 ta yangi Cobalt avtomobili topshirildi.

O‘zbekiston TURKPAga a’zo bo‘lish to‘g‘risida qaror qabul qildi — OAV

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasiga a’zo bo‘lish to‘g‘risida qaror qabul qilganligini ma’lum qildi.

Qashqadaryoda rahbar o‘z tashkilotiga qizni ishga olish uchun “birga bir kechani o‘tkazishni” taklif qilgani aytilmoqda

Qashqadaryo viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i muxbir qizni matbuot kotibi sifatida ishga olish uchun o‘zi bilan “bir kechaga qolishni” taklif etgan. Muxbir qiz rahbar oldinroq ham shunga o‘xshash takliflar bildirganligini ta’kidlamoqda. Boshqarmadagi xodimlardan biri qizga tinch yurishini, rahbarning ukasi “katta joyda ishlashini” aytgan. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibi ushbu holat bo‘yicha surishtiruv bo‘layotganligini ma’lum qildi.

Yanvar-may oylarida O‘zbekistonga 205 ta elektromobil import qilingan

2021 yilning birinchi besh oyida O‘zbekistonga xorijdan 205 ta elektromobil import qilingan. Import qilingan elektromobillar uchun 4,6 mln AQSh dollari sarflangan. Elektromobillarning 95% Toshkent shahriga olib kelingan.

JIDU va Yuridik universiteti rektorlari Oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari bo‘ldi

Komiljon Karimov Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Rahim Xakimov vazirning fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Toshkent xorijlik mutaxassislar uchun eng arzon shaharlar o‘nligiga kirdi

Toshkent xorijlik mutaxassislar (ekspatlar) yashashi uchun eng arzon shaharlardan biri deb topildi. Ashxobod va Hongkong esa yashash uchun eng qimmat shaharlar deb topildi.

Korrupsiyada aybdor deb topilganlarni davlat xizmatiga qabul qilmaslik taklif etildi

Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha prezident farmoni loyihasini muhokama uchun e’lon qildi. Unga ko‘ra, korrupsion jinoyatni sodir etganlarning ochiq elektron reyestrini yuritish, ularning davlat xizmatida ishlashi va saylovlarda qatnashishini taqiqlash taklif etilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning kuchaytirilishi kutilmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuvi uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda

Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda. Antikorrupsiya agentligiga manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq shartnoma, buyruq va boshqa hujjatlarni to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma yoki uni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolati beriladi. 2022 yil 1 yanvarga qadar “Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida” qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

2022 yildan davlat xizmatchilarining daromadlari majburiy deklaratsiya qilinishi mumkin

2022 yil boshidan davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi kutilmoqda. Bunda faqat 2022 yil 1 yanvardan so‘ng orttirilgan mol-mulkning kelib chiqish manbasi tasdiqlanadi. Deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.

“Lukoyl” O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalar uchun 12 mlrd dollar ajratishni rejalashtirmoqda

Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalar uchun 12 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. Bungacha kompaniya O‘zbekistonning energiya salohiyatini rivojlantirishga 8 mlrd dollar investitsiya yo‘naltirgan edi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha 12 ta hujjat imzolandi

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari o‘rtasidagi yig‘ilish natijasida kadastr, logistika, bojxona, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

“O‘zbekneftgaz” tizimida ishlovchi xodimlar o‘rtasida 220 ta qarindosh-urug‘chilik munosabatlari aniqlandi

“O‘zbekneftgaz” AJning boshqarmalari (zavod), korxona va neft bazalarida ishlovchi xodimlar o‘rtasida 220 ta holatda qarindosh-urug‘chilik munosabatlari aniqlangan. Jumladan, korxonalardan biridagi bosh texnologning 5 ta qarindoshi qo‘l ostidagi asosiy ishlab chiqarish sexida ishlashi, boshqa bir energetikning 4 ta qarindoshi qo‘l ostidagi elektr ta’minot sexida faoliyat yuritishi ma’lum bo‘ldi.

Loyiha: korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi sababli shartnomalar haqiqiy emas deb topilishi mumkin

Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni amalga oshirish kutilmoqda. Xususan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish qat’iyan taqiqlangan mansabdor shaxslar va xodimlar ro‘yxatini belgilash, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi sababli shartnomalar haqiqiy emas deb topish, davlat organlariga ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish va boshqa choralar taklif etildi.

Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni qaytarish uchun 2 ta maxsus poyezd reysi qo‘yildi

Pandemiya paytida Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarni qaytarish uchun ikkita maxsus poyezd reyslari yo‘lga qo‘yiladi. Poyezdlar 25 iyun kuni Voljskiy-Toshkent, 28 iyun kuni Moskva Kazanskiy-Toshkent yo‘nalishida harakatni amalga oshiradi.