Tojikiston Miliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari 21 iyun kuni Tojikiston bilan chegaradosh Afg‘onistonning Qunduz provinsiyasida joylashgan «Sherxon-Bandar» komissariatining tolibon harakati tomonidan egallab olinganligi bo‘yicha izoh berdi. Bu haqda «Xovar» agentligi ma’lum qildi.

«22 iyun kuni soat 9:00ga qadar davom etgan qurolli to‘qnashuv natijasida [Afg‘oniston] hukumat kuchlarining 134 nafar harbiy xizmatchilari hujumga dosh berolmay, „Panj“ chegara otryadining uchinchi va to‘rtinchi zastavalari orqali Tojikiston Respublikasi hududiga chekinishga majbur bo‘lishdi», — deyiladi bayonotda.

«Tojik chegara qo‘shinlari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan holda davlat chegarasini kesib o‘tgan afg‘on harbiylariga Tojikiston hududiga to‘siqlarsiz o‘tishlariga ruxsat berdi», — deya ta’kidladi qo‘mita.

Afg‘on hukumati kuchlari harbiy xizmatchilari orasida to‘rt kishi yaralangan va bir kishi o‘ldirilgan.

Tojikiston va Afg‘oniston chegaralari liniyasidagi vaziyat keskin deb baholanmoqda, Sherxon-Bandar hududida yaralangan, o‘ldirilgan va asirga olingan afg‘on harbiylarining umumiy soni 100 nafarga yaqin.


So‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rtta provinsiyasida hukumat kuchlari va «Tolibon» harakati o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, Taxor provinsiyasining Chaxyob, Yangi Qal’a, Darkad, Dashti Qala, Xojagor uyezdlari, Qunduz provinsiyasining Dashti Archi, Imom Soxib va Kalai Zol uyezdlari, shuningdek «Sherxon-Bandar» va «Kokul» nazorat o‘tkazish punktlari tolibon nazoratiga o‘tgan.

Sherxon-Bandar Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-o‘tish joyi bo‘lib, u orqali Tojikistonning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodan, shu qatorda Pokiston va Erondan keladigan bojxona importi o‘tadi. Ushbu chegara posti Tojikistonning Xatlon viloyati Panj tumani va Afg‘onistonning Qunduz provinsiyasi Imom Soxib tumani o‘rtasidagi chegarada joylashgan. Imom Soxib tumani ham tolibon tomonidan bosib olingan.

AsiaPlus nashrining ma’lum qilishicha, vaziyat keskinlashgan taqdirda Tojikiston Afg‘onistondan 10 mingdan ortiq qochqinlarni qabul qilishga tayyor. Ammo hozircha bunday ehtiyoj yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarishni boshladi, iyun oyi boshida mamlakatdan g‘arb harbiy kontingentining uchdan bir qismi chiqib ketdi. RIA Novostining yozishicha, shundan so‘ng «Tolibon» Afg‘oniston hukumati pozitsiyalariga hujum qilishni boshladi. 11 iyun kuni ular Gor provinsiyasi Tolak tumanidagi aholi pukntlariga hujum qilishgan. Oqibatda 20 nafar xavfsizlik kuchlari xodimlari halok bo‘ldi, shuncha odam yaralandi. Afg‘on OAVlarining ma’lumotlariga ko‘ra, jangdan so‘ng hudud to‘liq ravishda ekstremistlar qo‘l ostiga o‘tgan.

Iyun oyining o‘rtasida tolibon harakati Sari-Pul provinsiyasidagi afg‘on armiyasi bazasini jangsiz egallab oldi. Ular 20 ta «Xamvi» vnedorojniklari, 20 ta armiya yuk mashinalari, 30 ta pikap va 300ga yaqin M-16 shturm vintovkalarini, shuningdek bir necha tonna qurol-yaroqlarni qo‘lga kiritishdi.

«Hukumat kuchlari ham ba’zida hujumga o‘tmoqda, ammo gap tashabbusni olib qo‘yish haqida emas, balki bir-ikki marotaba hujumga o‘tish haqida ketmoqda», — deyiladi RIA xabarida. Afg‘oniston mudofaasi va xavfsizligi kuchlari 15 iyun kuni 160 nafar tolibonni yo‘q qilganliklari, yana 100ga yaqin jangarilar turli xil og‘irlikda yarador bo‘lganligi haqida ma’lumot berdi. Terrorizmga qarshi operatsiyalar Qunduz, Gazni, Hirot, Gilmend, Gor, Nangarxar, Vardak va Badaxshon provinsiyalarida o‘tkazilgan.