O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Fransiyaning Suez International Toshkent shahri uchun suv hisoblashning intellektual tizimini joriy qilish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlar to‘g‘risidagi Memorandumni imzoladilar, deya xabar qildi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

2020 yilning mart oyida Suez International kompaniyasi, Toshkent hokimligi, TSST (avvalgi SUVSOZ) va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi «Toshkentda suv ta’minoti transformatsiyasi rejasi» loyihasini amalga oshirish doirasida birgalikda boshqaruv to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan edilar.

Birgalikda boshqaruv to‘g‘risidagi kelishuv qator innovatsiyalarni joriy etish, nou-xaularni kiritish, nazorat ko‘rsatkich va tizimlari, tahlil instrumentlari, raqamli transformatsiya, texnik yordam va xodimlarni o‘qitish orqali suv ta’minoti va suv chiqarilishi operatorining imkoniyatlarini kengaytirish va faoliyat samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Suez kompaniyasi katta ijrochi vitse-prezidenti Erik Gebali bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda Fransiya hukumati Toshkent shahrining suv ta’minoti tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish uchun 145 mln yevro miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qullagani ma’lum qilingan edi.

2020 yil dekabr oyida Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent hokimligi yetti yillik «Toshkent shahrining suv ta’minotini o‘zgartirish rejasi»ni amalga oshirishni boshlash niyatida ekanligi ma’lum bo‘ldi. Loyihaning umumiy qiymati 185,4 million yevroni tashkil etadi va bu mablag‘ shaharning suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek xalqaro standartlarga muvofiq boshqaruv tizimini takomillashtirishga sarflanadi. May oyida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining sakkizinchi yig‘ilishi paytida ushbu loyihani moliyalashtirish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.