«O‘zbekneftgaz» korxonasida ishlovchi xodimlar o‘rtasida 220 ta qarindosh-urug‘chilik munosabatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda korxona axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘iga ko‘ra, jamiyat tarkibidagi korxona va tashkilotlarda komplayens nazorat yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va potensial manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, bartaraf etish va kelgusida oldini olish, shunday holatlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarni boshqa lavozimlarga o‘tkazish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilmoqda.

Buning natijasida korxona tizimida ham juda ko‘p holatlarda qarindosh-urug‘chilik munosabatlari avj olganligi, bunday munosabatlarning bevosita xizmat vazifasiga ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvidagi lavozimlarda ham uchrayotganlik xolatlari aniqlangan. Bu bo‘yicha boshqaruv raisi tomonidan tanqidiy munosabat bildirilgan.

Misol uchun, bir korxonada faoliyat olib boradigan bosh texnologning 5 ta qarindoshi qo‘l ostidagi asosiy ishlab chiqarish sexida ishlaydigan bo‘lsa, boshqa bir energetikning 4 ta qarindoshi qo‘l ostidagi elektr ta’minot sexida faoliyat yuritib kelmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, bir korxona direktorining ukasi bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlasa, direktor o‘rinbosarining ukasi muhandis energetik lavozimida yoki xaridlar bo‘limi boshlig‘ining qizi esa mazkur bo‘limda moddiy texnik ta’minoti bo‘yicha muhandis lavozimida ishlab kelayotganligi kabi holatlar aniqlangan.

Qayd etilishicha, jamiyatning boshqarmalari (zavod), korxona va neft bazalarida ishlovchi xodimlar o‘rtasida 220 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvining asosiy omili bo‘lgan qarindosh-urug‘chilik munosabatlari aniqlangan bo‘lib, 127 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha tegishli muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilgan.

«Qolgan munosabatlarni tartibga solish va muvofiqlashtirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.