Sog‘liqni saqlash vazirligi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan dorixonalarga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishidan ogohlantirdi. Avvalroq huquqni muhofaza qilish organlari Toshkent dorixonalarida 37 ta holatda 62,3 mingdan ziyod kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy sotilayotgani aniqlangani haqida xabar qilingan edi.

Vazirlik aksariyat dorixonalarning dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan noqonuniy faoliyat yuritganini ma’lum qildi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilayotgani, surishtiruv natijalariga ko‘ra, aybdorlarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilishi ta’kidlandi.

«Muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanadi va litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasiraisi, farmatsevtika fanlari doktori, professor Ismatjon Azizov.

Vazirlik xabarida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 186.3-moddasiga muvofiq, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini takroran buzganlik uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi eslatib o‘tildi.

Prezidentning 2019 yil 6 sentyabrdagi «Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2019 yilning 1 dekabridan boshlab,kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan (yulduzcha bilan belgilangan) alohida dori vositalarining chakana realizatsiyasi (berilishi) faqat ijtimoiy dorixonalar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish (berish) faoliyatiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan dorixonalar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 14 mingdan ziyod dorixona faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, shundan 2360 tasipoytaxtda joylashgan.