Venetsiya va Budapesht «tahdid ostida» bo‘lgan Jahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilishi mumkin

YUNESKO Venetsiya va Budapeshtni «tahdid ostida» bo‘lgan Jahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritishni tavsiya qiladi. Tegishli tavsiyalar YUNESKOning Jahon merosi qo‘mitasi tomonidan 16 iyundan 31 iyulgacha Xitoyda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda ko‘rib chiqiladi. Ta’kidlanishicha, Venetsiyani bu ro‘yxatga kiritish taklifi ommaviy turizmning oqibatlari bilan bog‘liq. Budapeshtda mutaxassislarning diqqatini Dunay qirg‘oqlari va Buda qal’asi joylashgan kvartalga qaratilgan. Shu bilan birga, ushbu ro‘yxatdan Liverpul porti va Tanzaniyadagi Selus qo‘riqxonasini chiqarib tashlash taklif qilindi. — Interfaks.


Abu Dabida sayyohlar COVID-19'ga qarshi bepul emlanadi

Abu Dabida sayyohlarga COVID-19 koronavirusiga qarshi bepul emlash taklif etiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Abu-Dabi vizasiga ega bo‘lgan sayyohlar va sayyohlik vizasini olish huquqiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari shaharga kelganida bepul emlash uchun ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Shu bilan birga, bunday taklif BAAning qolgan beshta amirligida amal qilishi noma’lum. Emlashda Xitoyning Sinopharm, shuningdek Pfizer va BioNTech kompaniyalarining vaksinalaridan foydalaniladi.

BAAning sog‘liqni saqlash idoralari, mamlakat aholisining 85 foizi vaksinaning kamida bitta dozasini olganligini ta’kidlamoqda. — Interfaks.


Nikaraguada bir oy ichida prezidentlikka besh nafar nomzod hibsga olindi

Nikaragua milliy politsiyasi bir oy ichida prezidentlikka beshinchi nomzodni hibsga oldi. Oxirgi haftalarda u yerda jami 15 nafar muxolifat rahbari hibsga olingan. Demokratik tiklanish partiyasi vakili Migel Mora Barberena 20 iyun kuni milliy suverenitetga tahdid soluvchi harakatlar sodir etganlikda ayblanib hibsga olingan, dedi politsiya. U shu yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirgan edi.

CNN telekanali muxolifatning ta’qib etilishi amaldagi davlat rahbari 75 yoshli Daniel Ortega ham qatnashmoqchi bo‘lgan prezident saylovlari bilan bog‘liq deb taxmin qilmoqda. U 2007 yildan beri mamlakatni boshqarib kelmoqda, 1985−1990 yillarda ham besh yil prezident bo‘lgan. — CNN.


Ispaniya hukumati noqonuniy referendum tashkil etishda ayblangan Kataloniya siyosatchilarini afv etdi

Ispaniya hukumati 2017 yilda noqonuniy referendumni tashkil etishda ayblanib sudlangan Kataloniya siyosatchilarini afv etishga qaror qildi. Joriy yilning may oyi oxirida Oliy sud Kataloniya siyosatchilarining afv etilishiga qarshi chiqqan edi. Ushbu qaror Ispaniya hukumati sudlanganlarni to‘liq afv qila olmasligini anglatadi. Hukumat mahbuslarga qolgan qamoq muddatini o‘tamasligiga ruxsat berishi mumkin, ammo davlat lavozimidan chetlatish bo‘yicha qaror o‘z kuchida qoladi.

2019 yil oktyabr oyida Ispaniya Qurolli Kuchlari mustaqillik bo‘yicha referendumni tashkil qilishda ishtirok etgan siyosatchilarga nisbatan hukm chiqardi, ular 13 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Ushbu ishda qatnashganlarning ba’zilari isyonga chaqirish va pulni o‘zlashtirishda aybdor deb topildi.

2017 yil 1 oktyabrda Kataloniyada qirollikdan ajralib chiqish uchun referendum bo‘lib o‘tdi, Madrid dastlab ushbu referendumni noqonuniy deb atadi va uning natijalarini tan olishdan bosh tortdi. O‘sha yilning 27 oktyabrida Kataloniya parlamenti mustaqil respublika e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi. Bunga javoban mamlakat rasmiylari konstitutsiyaning 155-moddasini qo‘lladilar, bu hududning o‘zini o‘zi boshqarishini cheklash imkonini bergan edi. — TASS.

Ispaniyaning muxolifatdagi Xalq partiyasi hukumatning Kataloniya siyosatchilarini afv etish to‘g‘risidagi qaroriga qarshi mamlakat Oliy sudiga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.


Qorabog‘dagi Shusha shahriga Ozarbayjon qo‘riqxonasi maqomi berildi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘dagi Shusha shahriga davlat qo‘riqxonasi maqomini berdi. «Ustav kapitali 1 mln manat (588 ming dollardan ortiq) bo‘lgan „„Shusha shahri“ davlat qo‘riqxonasi boshqarmasi“ yuridik shaxs tashkil etilmoqda», deyiladi prezident farmonida. Hujjatga ko‘ra, Shusha hududidagi davlat mulkini ijaraga berishdan tushadigan daromadning yarmi davlat byudjetiga o‘tkaziladi, qolgan yarmi qo‘riqxona rahbariyati ixtiyorida qoladi. — TASS.

7 may kuni Ozarbayjon prezidenti Shusha shahrini mamlakatning madaniy poytaxti deb rasmiy e’lon qilish to‘g‘risida farmonni imzolagan edi.


Shuningdek:

  • Gruziya va Turkiya hukumatlari koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan komendantlik soatini 1 iyuldan boshlab bekor qilmoqda. Bundan tashqari, Gruziyada tibbiy niqoblarni taqish majburiy bo‘lmaydi, Turkiyada esa jamoat transportidan foydalanishda yosh bo‘yicha cheklovlar bekor qilindi.
  • 2021 yilda Yevropa Ittifoqi chegaralarini noqonuniy kesib o‘tish holatlari 47 foizga oshib, 47,1 ming muhojirni tashkil qilgan.
  • Quddusda Isroil politsiyasi bilan to‘qnashuvda 20 nafar falastinlik jarohatlandi.
  • KXDRda 30 ming kishi COVID-19 koronavirusiga tekshirildi, ular orasida bitta ham ijobiy holat aniqlanmadi.
  • Brent neftining narxi so‘nggi 2 yilda ilk bor 75 (1 barrel uchun) dollardan oshdi.
  • Ukraina va Buyuk Britaniya Ukraina Dengiz kuchlari uchun harbiy kemalar va bazalarni birgalikda qurish to‘g‘risida kelishib oldilar.