O‘zbekiston viloyatlarida to‘liq pishib yetilishi noqulay ob-havo tufayli qariyb bir oyga kechikkan «ertapishar» sabzi hosilini yig‘ib olish boshlandi, deya xabar qildi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

«Ommaviy yig‘ib olish ishlari iyulning birinchi sanasiga rejalashtirilgan. Bu bozorni yangi sabzi bilan to‘liq ta’minlash va uning narxi bosqichma-bosqich arzonlashuviga olib keladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq «Gazeta.uz» mamlakat bozorlarida sabzi narxi keskin ko‘tarilib, kilogramiga 11 ming so‘mgacha yetgani haqida xabar bergan edi. Yil boshidan buyon esa ushbu mahsulot narxi 60 foizga oshdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi buni tashqi bozorlarda sabzi narxining ko‘tarilgan, shuningdek, sovuq havo tufayli yetilish muddati kechikkani bilan izohladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda umumiy maydoni 124,4 ming gektarga (o‘tgan yilga nisbatan 18,2 ming gektarga ko‘p) sabzi ekish va jami 2,3 million tonna hosil olish rejalashtirilgan. Aholining yillik talabi 800 ming tonnani tashkil etadi. Yetishtirilgan sabzining qolgan qismi eksport qilinadi va qayta ishlanadi.

Sabzi tuproq-iqlim sharoitiga mos ravishda Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ekiladi.