22 iyun kuni Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistondagi laboratoriyalar biologik qurol ishlab chiqarishga mo‘ljallangani haqidagi xabarlarlarni rad etib, bayonot bilan chiqdi.

«O‘zbekiston Respublikasi so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning G‘arb davlatlari bilan bioxavfsizlik sohasidagi hamkorligi go‘yoki yaqin joylashgan davlatlar uchun xavf tug‘dirayotgani borasidagi asossiz bayonotlar tarqalishi kuzatilayotganini qayd etadi», — deyiladi xabarda.

«OAVda O‘zbekistondagi mavjud laboratoriyalarning go‘yoki biologik qurol ishlab chiqarishga mo‘ljallanganligi to‘g‘risida tarqalayotgan ma’lumotlarning mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligiga e’tibor qaratamiz», — deya qayd etiladi TIV bayonotida.

«Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu laboratoriyalar faqat diagnostik tadqiqotlar o‘tkazish va tinchlik maqsadlaridagina foydalanish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Bakteriologik va toksik qurol-yarog‘larni taqiqlash to‘g‘risidagi Konvensiya ishtirokchisi sifatida biologik qurol-yaroqlarni ishlab chiqarish va to‘plashning taqiqlanishini ta’minlaydi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

«O‘zbekistonga nisbatan bildirilgan har qanday asossiz bayonotlar ikki tomonlama munosabatlarda muayyan keskinlikni keltirib chiqaradi va, eng muhimi, o‘zaro ishonchga asoslangan davlatlararo muloqotga zarar yetkazadi, deb hisoblaymiz», — deya xulosa qiladi TIV.

May oyida Sputnik O‘zbekiston epidemiolog shifokor, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi deputati Gennadiy Onishenko bilan intervyuni e’lon qildi. Unda «ayrim MDH davlatlari va Gruziyada joylashgan Pentagon nazorati ostidagi ilmiy laboratoriyalar rasmiy Moskvaning jiddiy xavotirlanishiga sabab bo‘lmoqda» va «Rossiyada ushbu markazlarda xavfli infeksiyalarni o‘rganish maqsadi ostida biologik qurol ishlab chiqilayotganligidan xavotirlanishmoqda» deb aytiladi.

2016 yil oktyabr oyida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi AQSh bioterrorizm xavflarini kamaytirish Agentligi (DTRA) ishtirokida Urganchda mintaqaviy diagnostika laboratoriyasi ochilganligi haqida xabar bergan edi. 2017 yil aprelida Toshkentda AQSh kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika qilish Markazi (CDC) ko‘magida Mikroblargan qarshi preparatlarning rezistentligiga qarshi kurash Milliy markazi ochilgan edi.