Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi Afg‘oniston Islom Respublikasida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganligi sababli Afg‘oniston bilan chegaralarni yopadi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Shu bilan birga, Afg‘oniston fuqarolariga turistik vizalar berishni hamda turistik firmalardan viza talabnomalarini qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi.

Bunda «Termiz-avtoyo‘l» chegara o‘tkazish punkti orqali quyidagi toifadagi fuqarolar va transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi:

  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari hamda ularning oila a’zolariga;
  • xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga;
  • o‘z yurtiga qaytayotgan O‘zbekiston va Afg‘oniston fuqarolariga.

Shuningdek, «Termiz-avtoyo‘l» chegara o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan o‘tkazish punktida faoliyat yuritayotgan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O‘zbekiston hududiga kiritiladi.

Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan O‘zbekiston fuqarolari tegishli hududda joylashgan maxsus klinikalarga davolash uchun yuboriladi.

Koronavirus infeksiyasiga musbat natija aniqlangan chet el fuqarolari esa O‘zbekiston hududiga kiritilmaydi.

20 iyun kuni Afg‘onistonda 1927 ta koronavirus bilan kasallanishning yangi holatlari qayd etildi, infeksiyadan yana 93 kishi vafot etdi. Natijada, mamlakatda rasmiy qayd etilgan koronavirus bemorlari soni 103921 kishiga yetdi, hozirga qadar 4215 kishi koronavirus sababli vafot etdi.

11 iyun kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga 1000 kislorod ballonidan iborat insonparvarlik yordami yubordi. Favqulotda yordam koronavirusning uchinchi to‘lqini bilan duch kelgan Afg‘oniston hukumati so‘rovi asosida yuborildi.